Toshkent Fotosuratlar uyida Tojikiston va O'zbekiston Respublikasi o'rtasida o'rnatilgan diplomatik aloqalarning 30 yilligiga bag'ishlangan ko'rgazma bo'lib o'tdi.
Tadbirning ochilishida Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, O'zbekiston Badiiy akademiyasi raisi Akmal Nuriddinov, Tojikiston rassomlar uyushmasi raisi Nargis Xelidova boshqa mas'ul xodimlar, rassomlar, turli kasb egalari, yoshlar qatnashdi.
Ekspozitsiyadan 40 nafar tojikistonlik taniqli rassomning turli yillarda yaratgan rangtasvir, haykaltaroshlik va amaliy san'at hamda boshqa janrlardagi ijod namunalari o'rin oldi.
Ularda yil fasllari, tabiiy manzalarning o'ziga xos ko'rinishlari, zamin ne'matlari, hayot, turmush tarzidan lavhalar, mehr bilan ishlangan turli yoshdagi insonlar, xotin-qizlar siymolari, kitoblarga illyustratsiyalar aks etgan.
21 may kuni O'zbekiston Badiiy akademiyasiga tojikistonlik san'at va madaniyat arboblari, ijodkorlar jamoasi tashrif buyurdi. Tashrif doirasida o'zbek-tojik o'zaro ijodiy aloqalarini kengaytirish maqsadida O'zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi va Tojikiston rassomlar uyushmasining hamkorlik to'g'risidagi bitimi imzolandi.
Hasan Abnunazarov