Birdaniga uchta aviakompaniya Navoiyga havo qatnovlarini boshladi

    Latviyaning “SmartLynx Airlines” aviakompaniyasi, Britaniyaning “Titan Airways” va Oʻzbekistonning “FlyKhiva” aviakompaniyalari Navoiyga yuk tashuvlarini amalga oshira boshladi.

    Britaniyaning “Titan Airways” aviakompaniyasi joriy yilning 12-sentyabr kuni Chunsin – Navoiy – London yoʻnalishi boʻyicha ilk charter yuk reysini amalga oshirdi. Xitoydan Buyuk Britaniyaga reyslar haftasiga toʻrt marta Airbus A330 yuk tashuvchi samolyotlarida Navoiyda texnik toʻxtash joyi bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    17-sentyabrda Latviyaning “SmartLynx Airlines” aviakompaniyasi Varna (Bolgariya) – Navoiy (Oʻzbekiston) – Dakka (Bangladesh) yoʻnalishi boʻyicha birinchi charter yuk reysini amalga oshirdi. Navoiyda texnik toʻxtash bilan Bolgariyadan Bangladeshga parvozlar Airbus A321 yuk tashuvchi samolyotlarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

    18-sentyabr kuni “FlyKhiva” mahalliy aviakompaniyasi ham Echjou (Xitoy) – Lyej (Belgiya) yoʻnalishi boʻyicha, Navoiy shahrida texnik toʻxtash bilan, charter reyslarini yoʻlga qoʻydi. Parvozlar yuk koʻtarish quvvati 50 tonnagacha boʻlgan Boeing 767-300 samolyotlarida amalga oshiriladi. Dastlabki bosqichda reyslar haftasiga toʻrt marta amalga oshiriladi.