Forum Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi, YEXHT, Yevropa Ittifoqi, shuningdek, qator xalqaro va milliy hamkorlar tomonidan tashkil etildi.

Anjumanda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi «aql markazlari« ekspertlari, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes, akademik doiralari vakillari va yoshlar faollari ishtirok etdi.

Fargʻona vodiysi – boʻlinish chizigʻidan oʻzaro anglashuv makoni sari

Asrlar davomida vodiy savdo yoʻllari, madaniyat va dinlar kesishgan sivilizatsiyalar chorrahasi boʻlib xizmat qilgan. Ammo XX asr va XXI asrning boshlanishi yopiq chegaralar, boʻlingan jamoalar, qoʻshnilar oʻrtasidagi ishonchsizlik kabi jiddiy sinovlarni olib keldi.

Bugun mintaqa davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli tarixning bu sahifasi oʻzgarmoqda. Davlatlararo chegaralar asta-sekin hamkorlik koʻpriklariga, Fargʻona vodiysining oʻzi esa Markaziy Osiyoning yangi davri ramziga aylanib bormoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov forum shunchaki muhokama maydoni emas, balki mintaqaviy hamkorlikning yangi falsafasini shakllantirish yoʻlidagi qadam ekanini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining yubiley 80-sessiyasida «Markaziy Osiyoda yopiq chegaralar, hal etilmagan nizo va mojarolar davri oʻtmishda qoldi. Bugun Yangi Markaziy Osiyoni shakllantirish jarayoni boshlandi«, deya qayd etgan soʻzlarini yodga oldi.

– Fargʻona vodiysi bir necha oʻn yillar davomida murakkab ziddiyatlar hududi sifatida qabul qilingan. Bugun esa u yaxshi qoʻshnichilik, ochiqlik va birgalikda bunyodkorlik orqali ishonchsizlikning tarixiy merosini qanday yengib oʻtish mumkinligi boʻyicha namunaga aylanmoqda. Forum – bu jarayonni mustahkamlash, uni oʻzaro tushunish va barqaror rivojlanishning uzoq muddatli strategiyasiga aylantirishga qilingan urinishdir, — dedi Eldor Aripov. Forum yangi anʼananing — tajriba almashish, qoʻshma tashabbuslarni ishlab chiqish va mintaqaviy birdamlik gʻoyalarini ilgari surishga qaratilgan uch mamlakat vakillarining yillik uchrashuvlarining boshlanishi boʻladi.

Kelajak sari yoʻl: Markaziy Osiyo – tinchlik va umumiy oʻsish mintaqasi

Tadbir yakunlari boʻyicha mintaqadagi davlatlarning oʻzaro ishonchni mustahkamlash, gumanitar aloqalarni rivojlantirish va birgalikdagi iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoit yaratishga boʻlgan intilishini aks ettiruvchi Kommyunike qabul qilish rejalashtirilgan. «Ishonchimiz komilki, faqat birgalikda chegaralar boʻlinish chizigʻi emas, balki bogʻlanish chizigʻiga aylanadigan kelajakni qurish mumkin.