Birinchi kitob — birinchi qadam

    Katta adadda bepul nashr qilinib, yana qalam haqi ham berishdek mukofot hech qaysi davlatda boʻlmasa kerak, – dedi OʻzJOKU magistranti Yulduz Oʻrmonova.

    Prezidentimizning 2020-yil 25-dekabr kuni Oʻzbekiston yoshlari forumida soʻzlagan nutqi millionlab yigit-qizlarimizni ruhlantirib yuborgani bugun ular koʻzidagi quvonch, qalbidagi shijoatda namoyon boʻla boshladi. Ayniqsa, joriy yil nomida ham yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadi yetakchilik kasb etgani ham har jabhada ular faolligini oshirishga xizmat qiladi.

    Kuni kecha davlatimiz rahbarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha oʻtkazgan videoselektor yigʻilishi ham aynan yoshlarning maʼnaviy tarbiyasiga bagʻishlandi. Yigʻilish davomida yoshlarni yot gʻoyalar taʼsiridan aynan maʼrifat, maʼnaviyatning kuchi bilan asrashimiz lozimligi yana bir bor qayd etildi. Shuningdek, yigʻilishda farzandlarimizni vertual olam, ijtimoiy tarmoqlar taʼsiridan qutqarishda kitoblarning oʻrni beqiyos ekani alohida taʼkidlandi.

    Xabar qilganimizdek, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda “Ijod” jamoat fondi tomonidan “Birinchi kitobim” loyihasida 15 nafar yosh ijodkorning kitoblari nashrdan chiqdi. Shu munosabat bilan tashkil etilgan taqdimot marosimi adabiyot, maʼnaviyatga boʻlgan muhabbatimizning kun sayin yuksalib borayotganiga yana bir ishora boʻldi, deyish mumkin.

    Oʻzbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tadbirni tabrik soʻzi bilan ochar ekan, ilk kitobi chop etilgan mualliflarni “har biringiz soʻzlardan imoratlar qurishga va qurganda ham mustahkam, goʻzal imoratlar qurishga qodir yoshlarsiz”, deya eʼtirof etdi.

    Yosh iqtidor sohiblariga aytilgan goʻzal tilaklar uyushma raisining Yoshlar bilan ishlash boʻyicha oʻrinbosari Botir Ergashevning samimiy tilaklariga ulandi. Mualliflarga kitoblar va qalam haqlari ham shu yerning oʻzida, uyushma xodimlari ishtirokida tantanali topshirildi.

    Yosh ijodkorlar Mahliyo Umrzoqovaning “Tuygʻular alangasi”, Anvar Botirning “Ulgʻayish”, Bobur Hamroning “Shiroqning qaytishi”, Yahyo Fayozning “Baxtimizning zar tumorlari”, Yulduz Oʻrmonovaning “Uygʻoq yulduzlar”, Mirzohid Muzaffarning “Fosh”, Akmal Tursunovning “Burgutqoya”, Rahmat Bobojonning “Iztirob shiviri”, Anvar Allaberganovning “Gullayotgan chechaklar”, Bek Alining “Men axir senman”, Asror Solijonning “Sevgirang nigoh”, Madina Norchayevaning “Kaftdagi yoʻl”, Azizbek Norovning “Eynshteyn jumbogʻi”, Raxshona Ahmedovaning “Orzu va dengiz” hamda Abdurauf Zokirovning “Ona zamin” kitoblari 10 ming nusxadan chop etilgan. Noyob qobiliyat egalarining har birida oʻziga xos olam, oʻz aytar soʻzi, ustozlari koʻrsatgan ravon yoʻli bor.

    Albatta, bugungi kun nafaqat adabiyot bayrami, balki biz yosh ijodkorlar uchun hayotimizda muhim tarixiy sana sifatida muhrlanib qoladi. Negaki, ijodkor uchun ilk kitobining oʻquvchilarga taqdim etilishidek unutilmas kun boʻlmasa kerak.

    – Men ham saralangan yosh ijodkorlar qatorida birinchi sheʼriy toʻplamim chop etilganidan gʻoyat hayajondaman. Katta adadda bepul nashr qilinib, yana qalam haqi ham berishdek mukofot hech qaysi davlatda boʻlmasa kerak, – dedi OʻzJOKU magistranti Yulduz Oʻrmonova. – Bunga javoban kelgusida badiiy tarjima bilan shugʻullanib, oʻzbek asarlarini xorijiy tillarga oʻgirish rejamni amalga oshirishga kirishmoqchiman.

    Tadbirda yosh ijodkorlarni eʼtirof etish barobarida kelgusida ular eʼtibor berish kerak boʻlgan jihatlar ham ustozlari tomonidan xolisona koʻrsatib oʻtildi. Xususan, adabiyotshunos Rahmon Qoʻchqor baʼzi ilk kitoblar yuzasidan tahliliy fikrlarini ochiq bayon etdi.

    Birinchi kitoblarga Z.Moʻminova, R.Musurmon, I.Mirzo, A.Said, I.Sulton, S.Oʻnar, A.Yoʻldoshev, Sh.Salom, Q.Norqobil, J.Toshtemirov, N.Arslonov, N.Asadova, M.Zohidova kabi yozuvchi, shoir, publitsistlar muharrirlik qilganlar. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, bugungi kunda respublika miqyosida yosh ijodkorlarni saralash, ularning kitoblarini chop etishga katta eʼtibor berilayotgani barchamizga yaxshi maʼlum. Avvalgi yillarda yosh isteʼdodlar “Birinchi kitobim”da ilk toʻplamlarini chiqarish uchun Zomin seminarida albatta ishtirok etishlari shart edi. Natijada turli sabablarga koʻra, seminarga bora olmagan yosh ijodkorlarning ilk kitoblarini Uyushma tomonidan chop etish imkonsiz edi. Endilikda bu borada ham yangiliklar joriy etildi.

    Shuningdek, “Birinchi kitobim” loyihasi doirasida taqdimot marosimlari yana davom etadi va yana 22 nafar muallifning ilk toʻplami tez orada oʻquvchilar qoʻliga yetib boradi.

    Munojat MOʻMINOVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri