Tibbiyot sohasida olib borilayotgan islohotlar bugun viloyatlarda, qolaversa, olis chekka hududlarda ham yuqori texnologik va murakkab amaliyotlar oʻtkazish imkonini beryapti.

“Akademik V.Vaxidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi” rahbari, Tibbiyot fanlari doktori, professor Saydimurad Ismailov tashabbusi bilan Oqoltin tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli, Tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazida Oʻzbekiston tibbiyoti tarixida birinchi marta, 34 yoshli tugʻma yurak nuqsoni bor bemorda tuman darajasida ochiq jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, nuqson plastika yoʻli bilan bartaraf etildi.

Ushbu amaliyot professor S. Ismailov boshchiligidagi markazi jamoasi, gulistonlik va oqoltinlik jarrohlar hamrohligida ustoz shogird anʼanasiga amal qilgan holda muvaffaqiyatli oʻtkazildi.

— Oʻgʻlim Ziyovuddin, bolalikdan tugʻma yurak yetishmovchiligi kasalligi bilan kurashib keladi, — deydi Oqoltin tumanining “Boʻston” mahallasida istiqomat qilayotgan Suyunboy Jalilov. — Buni, biz, Ziyovuddin sakkiz yoshga yetganda bilganmiz. Ammo, qoʻl kaltaligi bois, uni oʻz vaqtida davolata olmadik. Oʻsha vaqtlarda tugʻma yurak yetishmovchiligi bilan bogʻliq amaliyotlar xorijiy davlatlarda oʻtkazilardi, narxi esa juda baland edi.

Ziyovuddinning yurak sohasi bilan bogʻliq, tugʻma nuqson ochiq jarrohlik amaliyoti bilan bogʻliq barcha xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi hisobidan qoplab berildi.

— Bu amaliyotning murakkabligi shundaki, tugʻma yurak nuqsoni bilan bogʻliq jarrohlik amaliyoti ochiq holda oʻtkazilib, bemor yuragi vaqtinchalik toʻxtatilib, uning vazifasini maxsus apparatga yuklab, toʻxtab turgan yurakda nuqson jarrohlik yoʻli bilan bartaraf etiladi, — deydi professor. — Bunda xatoga yoʻl qoʻyib boʻlmaydi. Yurakdagi qon oqimini tiklash, undagi tugʻma nuqsonni bartaraf etish uchun zamonaviy sintetik mahsulotdan foydalaniladi. Shu yoʻl bilangina yurak qon oqimi tiklanadi. Asosiysi, ushbu amaliyotni tuman darajasida bajarilishi Oʻzbekiston tibbiyotida katta yangilik desak ham boʻladi. Ochigʻi, bu turdagi amaliyot ixtisoslashtirilgan muassasalarda amalga oshirilgan, ammo tuman darajasida emas. Bu turdagi amaliyotlar kelgusida viloyat va tumanlar darajasida koʻplab oʻtkaziladi.

Ayni vaqtda oqoltinlik bemor salomatligi ancha yaxshi boʻlib, u poytaxtlik va oqoltinlik shifokorlar nazorati ostida davolanishni davom ettiryapti.

Gʻulom Primov,

Sirdaryo viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi matbuot kotibi.