Birinchi yarim yillikdagi iqtisodiy natijalar va yil yakunigacha mo‘ljallangan ustuvor vazifalar muhokama qilindi

    Hukumat 17 Iyul 2024 201

    Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 17-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

    Avvalo, bajarilgan ishlar qisqacha aytib o‘tildi. Joriy yilning olti oyida yalpi ichki mahsulot 6,4 foizga ko‘paygan. Sanoat 7,8 foizga, qurilish 10,1 foizga, xizmatlar 12,9 foizga, qishloq xo‘jaligi 3,8 foizga o‘sgan. Budjet daromadlari ham 113 trillion so‘mga yetib, 14 foiz oshgan.

    Umuman, yil boshidan buyon respublikada yaratilgan qo‘shilgan qiymat 567,4 trillion so‘mga, ya’ni 45,1 milliard dollarga yetgan. Bunday raqamlar ilgari bo‘lmagan.

    O‘tgan davrda jami kapital qo‘yilmalar 229 trillion so‘mni tashkil qilgan. Shundan 15,5 milliard dollari xorijiy investitsiyadir. Andijon, Buloqboshi, Qorako‘l, Karmana, Davlatobod tumanlari, Namangan va Samarqand shaharlari investitsiyasi 100 million dollardan, Sharof Rashidov, Forish, Yangi Namangan, Ohangaron tumanlarida esa 70 million dollardan oshgan.

    Yil boshidan 3,5 milliard dollarlik 3 mingta loyiha ishga tushib, 76 mingta yuqori daromadli doimiy ish o‘rni yaratilgan. Tadbirkorlik uchun 82 trillion so‘m kredit va 15,5 trillion so‘m subsidiya berilib, 600 ming aholi biznesga jalb qilingan. Yengillik va imtiyozlar tufayli tadbirkorlarda 56,3 trillion so‘m mablag‘ qolgan.

    “Yashil energetika” sohasidagi ishlar ham natija bera boshladi. Hozirgacha ishga tushgan 2,4 gigavattli 10 ta quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga yarim yillikda 1,6 milliard kilovatt “yashil energiya” olindi. Bu yarim milliard kubmetr gazni tejash imkonini berdi.

    Shu yilning o‘zida mahallalarni obod qilish, bog‘cha, maktab, tibbiyot, yo‘l, suv, elektr kabi infratuzilmani yaxshilash uchun budjetdan 31,5 trillion so‘m ajratilgan. Bunga qo‘shimcha yana 1,5 trillion so‘m beriladi.

    O‘tgan olti oyda 18 ming 600 ta yangi xonadon qurib, topshirilgan. 26 mingta oilaga 7 trillion so‘mga yaqin ipoteka krediti ajratilgan. Ular bo‘yicha boshlang‘ich to‘lov va foizni qoplash uchun 545 milliard so‘m subsidiya berilgan.

    Davlatimiz rahbari yig‘ilishda ko‘proq mummolar bo‘yicha gapirib, aniq reja va vazifalarni belgilash zarurligini ta’kidladi.

    – Dunyodagi og‘ir sharoitga qaramasdan, barqaror iqtisodiy o‘sish yo‘lida aniq natijalarga erishayapmiz. Buni Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon banki, hamkor davlatlar rahbarlari, reyting tashkilotlari, yirik investorlar ham e’tirof etayapti. Lekin, bugun kamchiliklarni ko‘rsatib, zaxiralarni ishga solish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab olsak, foydali bo‘ladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Birinchi bo‘lib, iqtisodiyot, moliya, soliq, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari muhokama qilindi.

    Sayxunobod, Uychi, Zarbdor va G‘ijduvon tajribalari natijasida olti oyda 4 mingdan ortiq mahalla sanoat va qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan, 1 million 600 ming aholi rasmiy band bo‘lgan, 712 mingta yangi daromad solig‘i to‘lovchi paydo bo‘lgan.

    Yig‘ilishda bularga yangi turtki berish maqsadida qo‘shimcha choralar belgilandi. Xususan, endi tuman hokimi, bank rahbari va mahalla raisi bir bo‘lib ishlash bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzadi. Joriy yil 1-dekabrgacha “Sayxunobod tajribasi” asosida xonadonlar uchun moliyaviy paket qilib beriladi. Bu orqali 495 ming aholining bandligi ta’minlanadi. Ikkinchi yarim yillikda “Oilaviy tadbirkorlik” dasturi qamrovi 1,5 barobar oshirilib, 4 trillion so‘m ajratiladi.

    “Uychi tajribasi”ga asosan, tuman hokimi va bank rahbarlari tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning biznesini kengaytirishga ko‘maklashadi. Bunda hokim yer, elektr, suv, yo‘l va boshqa infratuzilma masalasini, bank esa mablag‘ni hal qiladi. Bu orqali yil yakunigacha 670 ming aholi bandligini ta’minlash mumkinligi aytildi.

    “G‘ijduvon tajribasi” asosida yil yakuniga qadar mingta mahallaning o‘zida ko‘p qavatli sanoat binolari tashkil qilinadi. Ularga xonadonlardagi ishlab chiqarishlar ko‘chiriladi. Ushbu binolarning yuqori qavatlarida ishlaydigan tadbirkorlarga soliq imtiyozlari beriladi. Bu 140 ming ish o‘rnini “soyadan” chiqarishga sharoit yaratadi.

    “Zarbdor tajribasi” asosida tumanlarda sanoat, savdo, xizmat va zamonaviy agrotexnologiyalar sohasida drayver loyihalar qilinadi. Ularni amalga oshirishga bu yil qo‘shimcha 500 milliard so‘m ajratiladi. Bu orqali yana 150 ming ish o‘rni bo‘ladi.

    Bosh vazirga mazkur to‘rtta tajribani qo‘llagan holda, yil yakunigacha 2 million 416 ming aholi bandligini ta’minlash rejasini tumanlar kesimida tasdiqlash topshirildi.

    Budjetga tushumlarni ta’minlash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Korxonalar va tadbirkorlarga ko‘mak berib, daromadini oshirish orqali soliq tushumini ko‘paytirish muhimligi ta’kidlandi. Tadbirkorga ortiqcha to‘lov qildirgan mas’ullar jazolanishi haqida qat’iy ogohlantirildi.

    Xususiylashtirish dasturining bajarilishi, yirik korxonalarda tannarxni pasaytirish ishlari sustligi ko‘rsatib o‘tildi.

    Endi tadbirkorlarga imtiyoz va subsidiyalar maqsadli ko‘rsatkichi bilan bir yilga berilishi, natijasiga qarab muddati uzaytirilishi yoki bekor qilinishi aytildi.

    Bu yil hududiy korxonalarda 164 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilgan. Lekin, Kogon shahri, Qorovulbozor, Zafarobod va Mirzaobod tumanlarida sanoat pasaygan. Mutasaddilarga yil yakunigacha kam quvvatda ishlayotgan 2 mingta korxonani rivojlantirish vazifasi qo‘yildi.

    Faoliyatida tizimli kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 28 ta tuman-shahar hokimiga nisbatan intizomiy jazo qo‘llandi. Qorao‘zak, Taxiatosh, Uchquduq, Toshkent, Furqat, Gurlan, Mirzaobod, Yangiariq, Mingbuloq tumanlari, G‘ozg‘on shahri hokimlari lavozimidan ozod qilindi.

    Yig‘ilish kun tartibidagi navbatdagi masalalar transport, kommunikatsiyalar, qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohalari bo‘yicha bo‘ldi.

    Avvalo, qurilishda tannarxni pasaytirish masalasi tahlil qilindi. Yer va qurilish materiallaridan tashqari loyihani kelishish, maxsus texnik shartlar olishdagi qiyinchiliklar ko‘rsatib o‘tildi. Eng katta “xufyona iqtisodiyot” ham qurilishda.

    Shu bois Qurilish vazirligiga sohada tadbirkorlik uchun to‘siq bo‘layotgan barcha tartib-taomillarni yangilash vazifasi qo‘yildi.

    Sifat va tartibni kuchaytirish maqsadida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi hukumat tarkibiga o‘tkazilib, vakolatlari kengaytiriladi. Ruxsatsiz yoki loyihadan chetga chiqib qilinayotgan qurilishlar bo‘yicha jazo choralari kuchaytiriladi.

    Yangi loyihalarda tadbirkorlar uchun elektr va gazdan texnik shartlar olish raqamlashtiriladi. Bunda tarmoqqa ulanish nuqtasini inson omilisiz avtomatlashgan tarzda tanlash tizimi joriy qilinadi.

    Bu yilgi Investitsiya dasturida 1 ming 896 ta loyihaga 20,5 trillion so‘m ajratilgan. Jumladan, 618 ta maktab, 176 ta bolalar bog‘chasi, 80 ta poliklinika va 67 ta shifoxona qurilib jihozlanishi belgilangan.

    2 ming 152 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo qilib, 100 mingdan ziyod xonadonni foydalanishga topshirish reja qilingan. 570 ming gektarda suv ta’minotini yaxshilash, 13 ming kilometr yo‘l va 195 ta ko‘prikni foydalanishga topshirish ko‘zda tutilgan.

    Jamoat transportida elektron to‘lov tizimini to‘liq joriy qilish, barcha viloyat markazlarida yo‘lovchi tashishni brutto-shartnoma asosida moliyalashtirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

    Davlatimiz rahbari bu yo‘nalishlarga birma-bir to‘xtalib, kechikayotgan loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bu ishlarning ijtimoiy ahamiyatini, ularni odamlar o‘z hayotida sezishi kerakligini ta’kidladi.

    Yig‘ilishda investitsiya, eksport va qishloq xo‘jaligidagi masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

    O‘tgan olti oyda iqtisodiyotga 15,5 milliard dollar xorijiy, shundan 14 milliard dollar to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritilgan. Prezidentimiz ularning natijadorligi tahliliga e’tibor qaratdi.

    Uch yilda kiritilgan har bir dollar investitsiya o‘rtacha uch dollar qiymat yaratgan. Yoki, har 1 ming dollar xorijiy investitsiya soliq tushumini o‘rtacha 600 dollarga oshirgan. Lekin ayrim tarmoqlar va hududlarda bu ko‘rsatkich kam.

    Mutasaddilarga kelgusi yilga reja qilingan loyihalarni shu nuqtayi nazardan birma-bir tahlil qilish topshirildi.

    Avvalgi yillarda chetdan keltirilgan 183 million dollarlik 593 ta uskunani tezroq o‘rnatib, ishga tushirish zarurligi aytildi. To‘liq ishlamayotgan investitsiya loyihalarini “jonlantirish”, muammolarini hal etish chora-tadbirlari belgilandi.

    Joriy yilda sanoat zonalari infratuzilmasi uchun 1,5 trillion so‘m ajratilgan. Shuningdek, Taraqqiyot va tiklanish jamg‘armasidan berilgan 650 million dollar arzon resurs, banklarda xorijdan jalb qilingan 1 milliard dollar mablag‘ bor. Ushbu mablag‘lardan samarali foydalanib, loyihalarni jadallashtirish zarurligi qayd etildi.

    Olti oyda mahalliylashtirish dasturi doirasida ishlab chiqarish 34 foizga o‘sgan. Shu o‘rinda, yirik investitsiya loyihalarida mahalliy mahsulotlar ulushini ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

    Shu bois viloyat hokimlari va tarmoq rahbarlariga hududlardagi 50 milliard dollarlik 200 ta yirik loyihani tahlil qilib, tovar va xizmatlarni mahalliylashtirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi. Hududiy korxonalarning kooperatsiya portalidagi ishtirokini jonlantirish muhimligi aytildi.

    Eksport masalalari tahlil qilinar ekan, tarmoq va hududlar yil boshidan 8,7 milliard dollarlik mahsulotini chetga sotgani qayd etildi. Lekin 9 ta tumanda eksport o‘tgan yilgi ko‘rsatkichning yarmiga ham yetmagan.

    Keyingi paytlarda ko‘plab davlatlar ichki bozorini himoya qilish uchun tarif va notarif to‘siqlarni belgilamoqda. Tegishli vazirlik va idoralarga ushbu to‘siqlarni yumshatish bo‘yicha kelishuvga erishish topshirildi.

    Joriy yilning birinchi yarmida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti 910 million dollarni tashkil qildi. Bu sohada birinchi galda qayta ishlangan meva-sabzavot eksportini keskin ko‘paytirish kerakligi ta’kidlandi.

    Hozirda saqlash, saralash va qayta ishlash quvvatlarini oshirish bo‘yicha 382 ta loyiha boshlangan. Yil yakunigacha 10 ta agrologistika markazi, 230 ming tonnalik sovutkichli omborxona qurish rejalashtirilgan. Bular orqali meva-sabzavotni saqlash sig‘imi 63 foizga yetkaziladi.

    Davlatimiz rahbari bu sohada eksportni ko‘paytirish uchun yangi urug‘ navlarini o‘zimizda yaratish kerakligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Xitoy va Turkiya tajribasi asosida urug‘chilik tizimini qayta ko‘rib chiqib, ekinlar gen bankini kengaytirish bo‘yicha topshiriq berildi.

    75 ming gektar samarasiz bog‘lar hamda 100 ming gektar past hosilli yerlar o‘rnida sanoatlashgan bog‘ va tokzorlar barpo qilish bo‘yicha uch yillik dastur ishlab chiqiladi. Bunday bog‘lar uchun Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasi orqali imtiyozli kredit ajratiladi.

    Yig‘ilishda paxta-to‘qimachilik klasterlarining moliyaviy barqarorligi bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rildi. Ularga berilgan imtiyozli kredit muddati 2025-yil 1-aprelgacha uzaytirilishi, bu yil paxta xaridi uchun imtiyozli kredit klasterlarning ip-yigiruv korxonalariga berilishi belgilandi. Iqtisodiy samarasiz, moliyaviy majburiyati yuqori klasterlarning maqomi qayta ko‘rib chiqiladigan bo‘ldi.

    Unumdorlikni oshirish uchun paxtachilik va meva-sabzavotchilikda mexanizatsiya darajasini 50 foizga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun yil oxirigacha fermer va dehqonlar yana 6,5 mingta texnika bilan ta’minlanadi.

    Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi komplekslari rahbarlari, vazirlar va hokimlar hisobot berdi. Iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha yil yakunigacha mo‘ljallangan rejalar bayon etildi.