Shu paytgacha Qusam ibn Abbos, Abu Hafs Kabir kabi shaxslarning hayoti va ilmiy merosi yetarli darajada oʻrganilmagan. Ekspozitsiyada esa ular haqidagi maʼlumotlarga alohida eʼtibor qaratilgan.

Vaqt devori

Ushbu boʻlimdan islom dinining tarqalishi, Bayt ul-hikma akademiyasida faoliyat yuritgan allomalar, Maʼmun akademiyasi tas­virlangan uchta yirik, mahobatli rangtas­vir asari oʻrin olgan. Shuningdek, devor boʻylab turli davrlarga oid eksponatlar, numizmatika namunalari, xarita, videorolik, interaktiv oʻyinlar joylashtirilgan.

Zal markazida Birinchi Renessans davrida barpo etilgan somoniylar maqbarasi, Magʻoki Attoriy masjidi, Chashmai Ayyub yodgorligi, Qusamiya madrasasi singari yodgorliklar maketini koʻramiz. Shuningdek, saljuqiylar davrida tayyorlangan zargarlik buyumlari, ikki boshli burgut tasvirlangan davlat tugʻrosi ham ziyoratchilarni befarq qoldirmaydi. Bu osori atiqalar Prezidentimizning topshirigʻi asosida xorijdan qaytarib olib kelingan.

Zal toʻrida muqaddas Kaʼbaning eshigi nusxasi va 1988-yili ishlatilgan kaʼbapoʻsh (kisva)ning asl nusxasi joylangan. ­Shuningdek, bu yerda Kaʼbaning XIII-XIV asrlarda Misrda mamluklar davrida yasalgan kalitlarini, kis­vaning 2023-yili Saudiya Arabiston Podshohi Salmon ibn Abdulaziz Oʻzbekiston rahbariga tuhfa qilgan parchasini koʻrish mumkin.

Shuningdek, ushbu zaldan Birinchi Renes­sansga bagʻishlangan 4 daqiqali rolik ham oʻrin olgan.

Kapsulalar

Zalning oʻng tomonida yettita kapsula boʻlib, ularning har biri Birinchi Renessansga aloqador mavzularga qaratilgan. Mazkur kapsulalarda turli videorolik, qoʻl­yozma, tarixiy artefakt, maket va mulyajlarga duch kelasiz.

Masalan, birinchi kapsulada islom dini­ning tarqalishi bilan bogʻliq maʼlumotlar, video va interaktiv matnlar, Muhammad alayhissalomning jahon ­hukmdorlariga yuborgan maktublari nusxasi, Kaʼba surati va duolar bitilgan kashtalar, Qurʼoni karimning IX-XI asrlarga oid sahifalari va qoʻlyozmalari oʻrin olgan.

Ikkinchi kapsula Bayt ul-hikmaga bagʻish­langan. Buyuk olim Muhammad Xorazmiy unda rahbar sifatida faoliyat yuritgan, algebra faniga asos solgan. Bayt ul-hikmada faoliyat yuritgan yana bir olim Ahmad Fargʻoniydir. U Nil daryosida qurilgan maxsus suv oʻlchovchi asbob — nilometrni tubdan takomillashtirgan. Bu nilometr gidrostatika qonuniga asosan ishlagan. Shu qurilma yordamida Nil daryosidagi suv hajmi oʻlchangan. Bir yillik suv miqdori, Nil deltasida olinadigan hosil oldindan hisoblab berilgan. Shunga qarab, davlat aholidan soliq undirgan. Qurgʻoqchilik yoki suv toshqinlari oldindan taxmin qilingan va ularga tayyorgarlik koʻrilgan.

Abu Nasr Forobiy siyosiy falsafa va ijtimoiy psixologiyaga bagʻishlangan “Fozil odamlar shahri” asarini yozgan. Unda namunaviy davlat modelini tavsiflab bergan. Shuningdek, “Musiqa haqidagi katta kitob”ida musiqa nazariyasi va tarixi haqida tizimli maʼlumot bergan, ud cholgʻu asbobini yaratgan. Prezidentimiz alloma merosiga alohida toʻxtalib, Forobiyning Markaziy Osiyo tarixidagi muhim siymolardan biri ekanini taʼkidlagan edi.

Uchinchi kapsula Maʼmun akademiyasi, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy singari allomalar merosiga bagʻishlangan. Beruniy yashagan davrni dunyo olimlari “Beruniy asri” deb atagan. Bu eʼtirofni Frederik Starr ham koʻp taʼkidlagan. Beruniyning “Tafhim”, “Osor ul-boqiya” asarlari, Abu Ali ibn Sino asarining XIV asrga oid ibroniy tilidagi tarjimasi faksimile nashri hamda “Kitob ush-shifo”ning 1494-yili Hirotda koʻchirilgan nusxasi joylangan.

Toʻrtinchi kapsulaning quyi qavatida ushbu ekspozitsiyaga doir ikki daqiqali rolik tomosha qilasiz. Ikkinchi qavatda Abu Rayhon Beruniy 1037-yili ishlab chiqqan va oʻzbek olimlari qayta tiklagan yarim sharni koʻrishingiz mumkin.

Markaz faoliyatida somoniylar, qoraxoniylar, saljuqiylar, xorazmshohlar davridagi sivilizatsiya jarayonlariga alohida eʼtibor qaratilgan. Vitrinalarda har bir davr boʻyicha alohida artefaktlar, miniatyuralar, maʼlumotlar jamlangan.

Shuningdek, keyingi uchta kapsula islom ilmlarining buyuk namoyandalari Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy singari allomalarga bagʻishlangan. Ularning maqbaralari maketi, asarlari, hayoti va faoliyati bilan tanishish imkoni mavjud.

Firuza ABDUSAGATOVA,

OʻzMU katta oʻqituvchisi