Birja savdolarida tsement narxi tushishni boshladi

    Biznes 29 Iyun 2020 1565

    Joriy yilning so'nggi oylarida birjaning tsement bozorida talabning sezilarli darajada o'sishi natijasida narxlarning oshishi holatlari kuzatilayotgan edi.

    Xususan, 2020 yilning yanvar`-iyun` oylarida birjada barcha markali tsementning o'rtacha narxi mahsulotning bir tonnasi uchun 499,0 ming so'mdan 792,0 ming so'mgacha, ya'ni 59 foizga o'sdi. Narxlarning o'sishi asosan joriy yilning may–iyun` oylariga, ya'ni qurilish mavsumining boshlanish davrlariga to'g'ri kelmoqda.
    O'tgan davrda birja savdolariga jami 4 075,0 ming tonna tsement qo'yilgan bo'lib, ulardan 4 044,0 ming tonnasi, ya'ni 99,3 foizi sotildi. Bunda, respublikamizda faoliyat yuritayotgan 28 ta tsement ishlab chiqaruvchi korxonalaridan 16 tasi o'z mahsulotlarini birja savdolari orqali realizatsiya qilgan.
    TSementga bo'lgan talab va narxlarning oshishiga karantin talablarining bosqichma-bosqich yumshatilishi orqali xavfsizlik talablariga rioya qilgan holda amalga oshirilayotgan qurilish ishlarining faollashuvi va jadallashuvi, sotuvchi korxonalar tomonidan birja savdolariga qo'yilayotgan tsement hajmlarining o'rtacha 25 foizga pasaytirilganligi hamda tsement mahsuloti importi hajmlarining o'tgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 barobarga kamayganligi sabab bo'ldi.
    Ko'rib chiqilayotgan davrda, tsement bo'yicha birja savdolarida ishtirok etgan xaridorlarning soni ham sezilarli darajada o'sdi. Xususan, joriy yilning yanvar` oyida birja savdolarida tsementni xarid qilish uchun bir kunda o'rtacha 326 ta korxona ishtirok etgan bo'lsa, iyun` oyiga kelib ularning soni 692 tani, ya'ni o'sish 2,1 barobarni tashkil etdi.
    Birjaning tsement bozorida talab va taklifning mutanosibligi hamda tsement narxlarining barqarorligini bozor iqtisodiyotiga xos vositalaridan foydalangan holda ta'minlash maqsadida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag'allikni qisqartirish vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi, “O'zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, O'zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi va tsement sotuvchi korxonalar vakillaridan tashkil topgan Ishchi guruhi tuzildi.
    Ishchi guruh tomonidan tsement bozorini chuqur o'rganish bo'yicha olib borilgan tahliliy ishlarning natijalari asosida tsement bozorida muvozanatni tiklash bo'yicha quyidagi chora-tadbirlar belgilandi:
    1. Birja savdolarida sotilayotgan tsement hajmlarini xaridorlar o'rtasida nisbatan tezroq va samaraliroq taqsimlanishga qo'maklashish uchun zarur choralarni qo'llash va qulay sharoitlarni yaratib berish, shu jumladan birjadan sotib olingan tsementni zavodlarda yuklash muddatlarini qisqartirish. Buning natijasida tsement mahsulotini son jihatidan yanada ko'proq iste'molchilarga etib borilishi ta'minlanadi.
    2. TSement bozorida taklif darajasini ko'tarish maqsadida yil yakuniga qadar umumiy quvvati 4,9 mln tonnaga teng 6 ta yangi tsement ishlab chiqarish zavodlarini ishga tushirish evaziga respublikamizda mavjud quvvatlarni 20,0 mln tonnaga etkazish. Ta'kidlash joizki, joriy yilning 10 iyulidan boshlab birja savdolariga qo'yilayotgan tsement hajmi ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan 2 ta zavod hisobiga kunlik qo'shimcha 3500 tonnaga oshadi.
    3. Birja savdolariga kunlik 40,0 ming tonnadan kam bo'lmagan miqdorda tsement mahsulotini sotuvchi korxonalar tomonidan bir maromda qo'yilishi ta'minlanadi.
    4. TSement uchun oldindan to'lovlarni amalga oshirish va narxlar o'zgaruvchanligidan himoya qilish imkonini beruvchi bir oydan ortiq muddatga kechiktirgan holda etkazib berish sharti bilan “forvard” shartnomalari asosida birja savdolari o'tkaziladi. “Forvard” savdolari bir tomondan kelajakda etkaziladigan tsement uchun narxlarni oldingan belgilab olish, ikkinchi tomondan mahsulot uchun to'lovlarni bozor qiymatlarida oldindan olish imkonini beradi.
    Ishchi guruhi tomonidan ko'rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida joriy yilning 29 iyun` kuni birja savdolarida tsementning o'rtacha sotilish narxi 1 kg. uchun 792 so'mdan 754 so'mga yoki 5 foizga pasaydi.
    Ishchi guruhi tomonidan Birja savdolariga mahsulot qo'yilishi va narxlarning asossiz oshib ketmasligi bo'yicha doimiy monitoring olib boriladi va zaruratga ko'ra tsement bozorida shakllanib borayotgan kon'yunkturadan kelib chiqqan holda narxlarni barqarorlashtirish bo'yicha boshqa qo'shimcha chora-tadbirlar ham qo'llanilishi mumkin.