Oʻtgan hafta davomida, yaʼni 9 – 15-avgust kunlari “Oʻzbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” AJning barcha savdo platformalarida 1 674,2 mlrd soʻmlik tovarlar sotilgan boʻlib, bu avvalgi haftaga nisbatan 3,3% ga ortiqdir.
Bunda sotuvlarning:
- 84,9% - birja savdolari;
- 0,6% - koʻrgazma-yarmarka savdolari;
- 14,0% - elektron davlat xaridlari;
- 0,6% - avtoraqamlarning onlayn-auksioniga toʻgʻri keldi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 739,6 mlrd soʻmni tashkil qildi. Davlat xaridlari tizimlarida oʻtkazilgan elektron savdolar natijasida byudjet va korporativ buyurtmachilarining qariyb 41,3 mlrd soʻmlik mablagʻlari tejaldi.
Koʻrib chiqilayotgan davr mobaynida onlayn auksion orqali 3 287 ta avtoraqamlar sotildi, sotilgan davlat raqam belgilarining umumiy summasi 7,7 mlrd soʻmni tashkil qildi.
Raqobatli savdolar natijasida bitimlarning:
- 11,2% birinchi toifadagi avtoraqamlarga;
- 16,6% ikkinchi;
- 9,7% uchinchi;
- 11,8% toʻrtinchi;
- 15,9% beshinchi;
- 34,9% oltinchi toifa avtoraqamlarga tegishlidir.
Birja savdolari
Koʻrib chiqilayotgan davrda ochiq birja savdolari orqali jami 1 420,9 mlrd soʻmlik tovar resurslari sotildi. Sotuvchi korxonalar mahsulotlarni tasdiqlangan jadvallarga rioya qilgan holda birja savdolariga qoʻyishdi, shu jumladan:
Sement
Oʻtgan hafta mobaynida birja savdolariga 344 661,0 tonna sement qoʻyildi va ulardan 221 012,0 tonnasi, yaʼni 64,1% sotildi. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 44,2 ming tonnani tashkil qildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda sementning barcha markalari boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 509,2 ming soʻmdan 507,6 ming soʻmgacha, yaʼni 0,3% ga pasaydi.
Shakar
Birjaning shakar bozorida narxlar pasayishi qayd etildi. Hafta davomida birja savdolariga 12 150,0 tonna shakar qoʻyildi va ulardan barchasi 100% miqdorda sotildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda shakarning barcha kategoriyasi boʻyicha shakllangan kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 575,1 ming soʻmdan 7 553,2 ming soʻmgacha, yaʼni 0,3% ga pasaygan. Oʻtkazilgan birja savdolari natijasida mahalliy shakarning 3-kategoriyasi boʻyicha shakllangan oʻrtacha haftalik narxi mahsulotni bir tonnasi uchun 7 558,2 ming soʻmni tashkil etdi.
Benzin
Oʻtgan haftada birjada avtomobil benzinining narxi biroz pasaydi. Oʻtgan hafta mobaynida birja savdolariga 25 182,0 tonna benzin qoʻyildi va ulardan 15 962,9 tonnasi, yaʼni 63,4% sotildi. Oʻrtacha kunlik sotuv hajmlari 3,2 ming tonnani tashkil qildi.
Koʻrib chiqilayotgan davrda AI-80 rusumli avtomobil benzinning kunlik oʻrtacha narxlar mahsulotning bir tonnasi uchun 7 457,1 ming soʻmdan 7 254,2 ming soʻmgacha, yaʼni 2,7%ga pasaydi.
Oʻtgan haftada AI-80 rusumli avtomobil benzinning oʻrtacha haftalik kotirovkasi 7 398,8 ming soʻmni, AI-91 – 8 719,9 ming soʻmni tashkil etdi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 4-apreldagi PQ-4664-son qaroriga muvofiq “Oʻzbekneftgaz” AJ tasarufidagi Buxoro neftni qayta ishlash zavodi tomonidan birja savdolariga qoʻyiladigan avtomobil benzinining boshlangʻich narxlari, jahon birjalaridagi Brent neftining kotirovkalaridan kelib chiqib shakllanadi.
Turli manbalarda keltirishicha avtomobil benzinining bir tonnasi oʻrtacha 1293-1370 litrni tashkil qiladi.