Birlamchi bo‘g‘indagi asosiy vazifa - kasalliklarning oldini olish

    Hukumat 26 Oktabr 2022 4009

    Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-oktabr kuni Toshkent shahrining Uchtepa tumanidagi 22-oilaviy poliklinikani borib ko‘rdi.

    Uch qavatli ushbu zamonaviy muassasa 19 ta mahalladagi 56 ming nafar aholiga xizmat ko‘rsatadi. Buning uchun bolalar bo‘limi, fizioterapiya bo‘limi, kunduzgi statsionar, mutaxassislik xonalari va laboratoriyalarda zarur sharoit yaratilgan. Shu yil 18-martdagi «ochiq muloqot»da berilgan topshiriqqa ko‘ra, bu poliklinikaga ham zamonaviy fizioterapiya uskunalari keltirib o‘rnatilgan.

    Shuningdek, bepul tarqatiladigan dorilar xonasi, shifokor qabulidan oldingi ko‘rik xonasi tashkil etilgan. 65 nafar shifokor va ko‘plab hamshiralar bemorlar dardiga darmon bo‘layotir.

    Davlatimiz rahbari poliklinikadagi sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, tibbiyot xodimlari bilan suhbatlashdi.

    - Tibbiyot - yoshu qari hammaga daxldor eng katta davlat xizmati. Shuning uchun bu sohaga doimiy e’tibor qaratib kelyapmiz. Birlamchi bo‘g‘inni «pastga tushirish»ga harakat qilyapmiz. Albatta, o‘zgarish bor: yangi shifoxonalar ochilyapti, poliklinikalar jihozlanyapti. Lekin hali yetib borilmagan xonadonlar ham bor. Malakali tibbiy xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini ta’minlash, bunda ehtiyojmand insonlarga alohida yondashish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

    Muloqotda aholining tibbiy madaniyatini oshirish, kasalliklarning oldini olish masalalari haqida so‘z bordi.

    - Ko‘p hollarda kasallikni insonning o‘zi keltirib chiqaradi: kam harakat bo‘ladi, to‘g‘ri ovqatlanmaydi, sog‘lig‘iga qaramaydi. Buni birlamchi bo‘g‘in keng tushuntirishi kerak. Aholini dori bilan emas, profilaktika bilan sog‘lomlashtirish zarur. Odamlarning o‘z sog‘lig‘iga e’tiborini kuchaytirish, skrining tekshiruvlarini muntazam o‘tkazib borish kerak, - dedi davlatimiz rahbari.

    Shu yerda sayyor tekshiruvlarda foydalaniladigan maxsus transportlar ham ko‘zdan kechirildi.