Toshkent tibbiyot akademiyasida Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko'rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish, kasalliklarni profilaktika qilish va barvaqt aniqlash, malakali tibbiy kadrlarni tayyorlash, sohaga yangi boshqaruvni joriy qilish maqsadida xalqaro konferensiya o'tkazildi.
Dunyo tan olgan Avitsenna ta'limoti 3 muhim asosni ilgari suradi.
Ibn Sinoning talqinicha insonni davolashda eng avvalo So'z, keyin Giyoh, ilojida qolmaganida Tig'… (operatsiya) davolash usulidan foydalanish mumkinligi aytiladi. Ajdodlarimizning dono o'gitlari mana oradan ming yillar o'tganidan keyin ham o'zini oqlamoqda. Bugun birlamchi tibbiy -sanitariya profiliktikasidagi eng birinchi qadam ya'ni tushuntirish va ogoh etish tajribasi hamma narsadan ustun qo'yilyapti.
Ommaboplik, sifat va samaradorlik…
Aholi salomatligini saqlashning mana shu uch muhim asosi
Toshkent tibbiyot akademiyasida bugun bo'lib o'tgan xalqaro konferensiya mazmun va mohiyatini belgilab berdi.
Mamlakatimiz tibbiyot ilmi etuk mutaxasslarining AQSH, Fillandiya, Germaniya, Slovakiya shuningdek, Yevropa jamoat sog'liqni saqlash assotsiatsiyasi vakillari bilan o'tkazgan muzokaralari chog'ida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamiga dunyodagi eng sinalgan tajribalarni umumlashtirib, soha ishiga eng ommabop, samarali va zamonaviy uslublarni joriy etish yuzasidan takliflar eshitildi.
Ayniqsa, bugun dunyoda epidemiologik xavf-xatarlar tobora kuchayib borayotgani kasalliklarga qarshi kurashish faoliyatidagi yondashuvlarni, hozirgi murakkab sharoit va orttirilgan tajribalardan kelib chiqib takomillashtirishni talab etmoqdaki, bu bevosita ajdodlar yaratib ketgan haqiqatlar bilan bog'liq.
Hamon kasalliklar profilaktikasi, uni erta aniqlash, to'g'ri tashxislash hamda davolashda birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muhimligicha qolmoqda.
Zero, birlamchi yordam bu eng avvalo, hali kasallik tarqab ulgurmasidan odamlar ongida kasaliklardan himoyalanish, o'zini ehtiyot qilish chorasidir.
Bugungi vaziyat birlamchi tibiyot muassasalari ish uslublarini qayta ko'rib chiqib, sog'liqni saqlashni tashkil etishning mutlaqo yangi tizimini joriy etish zarurligini eslatmoqda.
Bo'lib o'tgan xalqaro anjumanda dunyodagi eng etakchi tibbiyot oliygohlari professorlari bilan yurtimiz tibbiyot ilmining mutaxassislari aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko'rsatishning sifati, samaradorligi va ommabopligini oshirishda sinalgan tajribalarni amaliyotga tadbiq etish yuzasidan muzokaralarga kirishdilar.
O'zaro fikr almashuvlarda TTA professor o'qituvchilari yurtimizda mavjud kuch va vositalarni jalb qilgan holda, eng avvalo birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini har tomonlama mustahkamlash, tibbiy profilaktika va patronaj tizimining mutlaqo yangi tizimini joriy qilish, sog'lom turmush tarzini shakllantirish va aholi jamoat salomatligini ta'minlashning mahallalar va aholi xonadonlari darajasigacha qamrab oladigan yaxlit tizimini yaratilayotganligini e'tirof etdilar.
Konferensiya ishtirokchisi, Sechenov nomidagi Moskva davlat tibbiyot instituti vakili Ismoilzoda Nozim Toxir O'g'li bizga bergan interv`yusida yetuk va chuqur bilimga ega kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda raqobat muhitini muhimligini e'tirof etib, jumladan shunday dedi:
"-Tibbiyot ilm-fanini rivojlantirmasdan joylardagi tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirib bo'lmaydi.
Men yurtingizda guvohi bo'layotganim, tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi o'rni va maqomini kuchaytirishga astoydil kirishilayotganida.
Bugungi anjumanda biz ana shu sharoitlarni e'tirof etish bilan birga sohaga zamonaviy menejmentni joriy etish, boshqaruv jarayonidagi ortiqcha va byurokratik tartib-tamoyillarni qisqartirish, sog'liqni saqlashni moliyalashtirish tizimining samaradorligini oshirish hamda raqamli tibbiyotni takomillashtirish borasida fikr almashdik. Bu borada izga tushib olgan xorij tajribasi bilan o'rtoqlashdik."
Bahrom Mamatqulov, Toshkent tibbiyot akademiyasi jamoat sog'liqni saqlash tibbiyot maktabi direktori, professor.
Profilaktika va patronaj xizmati joriy qilinish arafasida turgan O'zbekiston tibbiyoti tizimida aholi salomatlik va fiziologik holatidan kelib chiqib, tegishli guruhlarga (tayanch, past xavf guruhi, o'rta xavf guruhi, yuqori xavf guruhi va boshqalar) bo'linadi.
endilikda, sog'ligi tufayli mustaqil ravishda tibbiyot muassasasiga kela olmaydigan bemorlar doimiy kuzatuvda bo'ladi. Ularning uyiga borib individual patronaj tibbiy xizmati ko'rsatiladi.
Respublikamizda SS tizimi isloh qilinyapti
Bu borada O'zbekiston Respublikasi Prezidetining 2020-yil 12-maydagi farmoni ijrosiga kirishildi. Galdagi muhim vazifa sohaga Sog'liqni saqlash menejmenti va yangicha boshqaruv uslubini joriy etish. Aholi uchun eng qulay bo'lgan bepul tibbiy sug'urta amaliyotiga o'tish. Prezident qarori bilan endilikda, Tibbiyot oliy ta'lim tashkilotlarining viloyat tibbiyot muassasalari, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda klinik bazalari tashkil qilinadi va ularning bitiruvchi kurs talabalari ushbu klinik bazalarda o'quv amaliyotini o'taydi.
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlarida oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlash tizimi joriy qilinadi. Bunda Sog'liqni saqlash vazirligi Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining tavsiyalari va takliflarini hisobga olgan holda texnikumlar va kollejlarda oilaviy shifokorlar yordamchilarini tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi ishga tushadi;
Abu Ali ibn Sino nomidagi Jamoat salomatligi texnikumlari va tibbiyot kollejlari oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga biriktiriladi, ularning o'quvchilari ixtisosligidan kelib chiqib ushbu muassasalarda amaliyot o'taydi.
2021-yildan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalari shifokorlari uchun «Qishloq shifokori» dasturi joriy qilindi. Bu esa biz tibbiyot ilmi mutaxassislaridan etuk, bilimli, zamonaviy kadrlarni etishtirib berishdek, eng muhim vazifa ijrosiga yangicha yondashuvni talab etadi.