Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

    Hujjatlar 25 Aprel 2022 6616

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    2022 yil 18 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan “Tibbiyotdagi islohotlar – inson qadri uchun” mavzusidagi ochiq muloqoti doirasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida:

    1. Quyidagilar:

    Aholiga ko‘rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordamining sifatini yaxshilash, tibbiyot xodimlarini qo‘llab-quvvatlash va faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

    Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda 2022 yil davomida mahalla tibbiyot punktlarini tashkil etish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    2. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev, A.Inoyatov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 12 noyabrdagi PF–6110-son Farmoni bilan tasdiqlangan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarni tashkil etish jadvaliga muvofiq 2022 yilda 136 ta yangi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar hamda 2023 yilda yana 140 ta yangi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rsin.

    3. Belgilansinki:

    oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining asoslangan takliflariga muvofiq mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishgan holda tashkil qilinadi;

    hududlarda oilaviy shifokor punktlari tarmog‘ini yanada kengaytirish uchun 2023 yil 1 yanvardan boshlab joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;

    oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 ga qadar uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022 yil 1 iyundan boshlab qo‘shimcha ustama haqi belgilanadi;

    2022 yil 1 maydan boshlab birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi;

    aholining profilaktik tibbiy ko‘riklari, skrining dasturlar
    va patronaj xizmati faqat Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi.

    4. 2022 yil 1 iyuldan boshlab olis va chekka hududlarda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalar shifokorlari uchun “Qishloq shifokori” dasturi takomillashtirilsin. Bunda yangilangan “Qishloq shifokori” dasturi doirasida:

    olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qo‘shimcha 2 million so‘m miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 500 barobaridan oshmagan miqdorda mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi;

    olis va chekka hududlarda uzluksiz uch yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

    Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bir oy muddatda oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalardagi shifokorlarga bo‘lgan talabni mahallalar kesimida aniqlash, shifokorlarni jalb etish va ehtiyojga ko‘ra kelgusida ularga uy-joy ajratish choralarini ko‘rsin.

    Vazirlar Mahkamasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Moliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda yangilangan olis va chekka hududlar ro‘yxatini tasdiqlasin.

    5. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat berilsin.

    Belgilansinki:

    yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga o‘z uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar ko‘rsatishga ruxsat beriladi;

    yakka tartibdagi oilaviy shifokorlarga o‘ziga biriktirilgan aholiga bepul ko‘rsatilayotgan xizmatlar uchun to‘lov Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi orqali beriladi;

    yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish tajribasi dastlab 2022 yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda yakka tartibdagi oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritish talablari va uning faoliyatini moliyalashtirish tartibini tasdiqlasin hamda amaliyotga joriy qilsin.

    6. Tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmat turlaridan tashqari xizmat turlarini pullik asosda tashkil etishga ruxsat berilsin.

    Belgilansinki, pullik xizmatlardan kelib tushgan mablag‘larning 75 foizgacha bo‘lgan qismi tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining tibbiyot xodimlarini rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

    7. 2022 yil 1 avgustdan boshlab oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimi joriy qilinsin. Bunda:

    hududda ortiqcha vazndan xalos bo‘lish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish bo‘yicha ko‘rsatkichlar asosiy mezonlar bo‘ladi;

    har olti oyda ijobiy ko‘rsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari rag‘batlantiriladi hamda eng yaxshi natija ko‘rsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi;

    ushbu tizim 2022 yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanидаги 11 ta hamda Namangan viloyatining Uychi tumanидаги 12 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalarda, 2023 yildan boshlab bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda uch oy muddatda har bir hudud aholisining tibbiyot ko‘rsatkichlaridan kelib chiqib, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash bo‘yicha yangi reyting tizimini ishlab chiqsin va amaliyotga joriy qilsin.

    8. 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida hisobot berish tartibi joriy qilinsin.

    Belgilansinki:

    tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, oilaviy poliklinikalar hamda oilaviy shifokor punktlari mudirlari mahalla fuqarolar yig‘inlarida;

    tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari rahbarlari xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida;

    viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari xalq deputatlari viloyat Kengashlarida hisobot beradi.

    9. Sog‘liqni saqlash vazirligi (O.Fozilkarimov) 2022 yil 1 oktyabrga qadar birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridagi tibbiy jihozlarni xatlovdan o‘tkazsin.

    Bunda:

    nosoz tibbiy jihozlarni aniqlab, ularni soz holatga keltirish yoki yangisiga almashtirish uchun zarur mablag‘larni hisob-kitob qilish;

    Sog‘liqni saqlash sohasi uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan tibbiy jihozlar hisobini va nazoratini yuritish bo‘yicha elektron dastur (platforma)ni 2022 yilda Sirdaryo viloyatida tajriba tariqasida joriy etish hamda tajriba natijalari bo‘yicha 2023 yildan boshqa hududlarga bosqichma-bosqich tatbiq etish choralarini ko‘rsin.

    Moliya vazirligi (T.Ishmetov) xatlov natijasidan kelib chiqib, tibbiy jihozlarni (fizioterapevtik, laborator, tekshiruv va boshqalar) soz holatga keltirish yoki yangilash uchun zarur mablag‘larni ajratish bo‘yicha taklif kiritsin.

    10. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev):

    Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2022 yil 1 noyabrga qadar davlat tomonidan aholiga bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar va beriladigan dori vositalari hajmi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi mobil ilovani yaratsin va amaliyotga joriy qilsin;

    Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalarining neyroxirurgiya bo‘limlari negizida yuridik maqomga ega bo‘lmagan hududlararo neyroxirurgik markazlarni tashkil etsin.

    11. O‘z mahallasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilgan, shaxsiy namuna ko‘rsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni ta’sis etilsin.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) ikki oy muddatda “Xalq salomatligi posboni” ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom loyihasini tasdiqlash uchun belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

    12. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyundan boshlab qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlash amaliyoti joriy etiladi.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) bilan birgalikda mazkur bandda nazarda tutilgan chora-tadbirni amalga oshirish uchun zarur mablag‘larning Davlat byudjeti hisobidan ajratilishini ta’minlasin.

    13. Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (F.Sharipov) bilan birgalikda har yili 1 000 nafargacha imtiyozga ega bo‘lmagan, uzoq yillar davomida davlat tibbiyot muassasalarida mehnat qilayotgan bemor tibbiyot xodimlariga Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish amaliyotini yo‘lga qo‘ysin.

    Sog‘liqni saqlash vazirligi (B.Musayev), Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi (F.Sharipov) ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan tibbiyot xodimlarini davolashga yuborish tartibini tasdiqlasin.

    14. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri B.A. Musayev, sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Sh. Inoyatov, sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari O.R. Fozilkarimov, Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori F.R. Sharipov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N. To‘ychiyev zimmasiga yuklansin.

    Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022 yil 1 noyabrga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot berilsin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 25 aprel