Namanganga oʻz faoliyatini boshlashi bilan flydubai Markaziy Osiyodagi tarmogʻini yetti punktgacha kengaytiradi, bu BAA va Fors koʻrfazi mamlakatlari bilan savdo aloqalarini kengaytirish, fuqarolarga esa mintaqani koʻproq kashf qilish imkonini beradi.
— Oʻzbekiston flydubai uchun rivojlanayotgan bozorga aylandi va biz Namanganga va kelgusi hafta Samarqandga parvozlar boshlanishi bilan tarmogʻimiz kengayib borayotganidan xursandmiz. Reyslarimizning boshlanishi BAA va Oʻzbekiston oʻrtasidagi savdo va madaniy aloqalarni mustahkamlaydi. Namangan Oʻzbekistonning yirik shaharlaridan biri boʻlib, savdo va hunarmandchilik markazi sifatida oʻzining ahamiyatini yanada mustahkamladi. Fargʻona vodiysida joylashgan bu maskan oʻzining qadimiy maskanlari, anʼanaviy hunarmandchiligi va muhtasham meʼmorchiligi bilan mashhurdir, — dedi Flydubai bosh ijrochi direktori Gʻayt Al-Gʻayt.
— Markaziy Osiyo flydubai uchun tez rivojlanayotgan bozorga aylandi, bu yerda faoliyat boshlaganimizdan buyon biz sayohatga barqaror talabni koʻrdik. Biz Namanganlik sayohatchilarni flydubai tarmogʻining Jidda, Madina va Male kabi boshqa nuqtalariga yetkazish uchun xizmat qilishni ham rejalashtirganmiz, — dedi Flydubai aviakompaniyasining tijorat operatsiyalari va elektron tijorat boʻyicha katta vitse-prezidenti Jeyxun Afandi.
Aviakompaniya Markaziy Osiyoning yetti yoʻnalishi boʻyicha, jumladan, Qozogʻistonning Olmaota va Nur-Sulton, Qirgʻizistonning Bishkek, Tojikistonning Dushanbe, Oʻzbekistonning Namangan, Samarqand va Toshkent shaharlariga parvozlarni amalga oshiradi. Bu haqida Namangan viloyati hokimligi xabar bermoqda.