“Birlik – 2025”: Oʻzbekistonda beshta davlat ishtirokida yirik harbiy oʻquv mashgʻuloti boshlandi

    Harbiy 16 Oktabr 2025 1421

    Markaziy harbiy okrug “Kattaqoʻrgʻon” poligonida Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiz Respublikasi va Ozarboyjon mudofaa vazirliklarining boʻlinmalari ishtirokida yirik harbiy oʻquv mashgʻulotiga start berildi.

    Bu haqda Mudofaa vazirligi Matbuot xizmati deya xabar bermoqda.

    Shu yilning 14-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining harbiy hamkorlik doirasidagi eng katta oʻquvlaridan biri – “Birlik – 2025” Mintaqaviy birgalikdagi oʻquvining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.

    Ochilish marosimida taʼkidlanganidek, bir necha kunga moʻljallangan oʻquvning maqsadi – mamlakatlar oʻrtasidagi ishonchni mustahkamlash, harbiy hamkorlikni kuchaytirish, jahonda tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy keskinlik va inqirozli holatlar, yuzaga kelayotgan yangi xavf-xatar va tahdidlar sharoitida zamonaviy chaqiriqlarga samarali qarshi turishda yaqin sherikchilik aloqalarini yanada kuchaytirishdir.

    Xususan, “Birlik – 2025” Mintaqaviy birgalikdagi oʻquvida ishtirokchilar hozirgi zamon jangovar tajribadan kelib chiqqan holda jang olib borishning eng samarali uslub va usullarini qoʻllash, uzoq masofalardagi nishonlarni ishonchli yoʻq qila oladigan artilleriya, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va boshqa qurollarning imkoniyatlaridan foydalanib, qoʻyilgan oʻquv-jangovar vazifani birgalikda bajaradi.

    Shuningdek, oʻquv doirasida ishtirokchilar jang olib borish sanʼatining ilgʻor usul va uslublaridan foydalangan holda jangovar tayyorgarlik mashgʻulotlari bilan shugʻullanishi, turli musobaqalarda ishtirok etishi, boqiy Samarqand shahriga sayohat qilib, xalqimizning boy tarixiy-maʼnaviy merosi, urf-odat va anʼanalari bilan yaqindan tanishishi koʻzda tutilgan. Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarboyjon Respublikasi mudofaa vazirlarining birinchi uchrashuvi oʻtkazilishi ham shular jumlasidan.