SHuning uchun Allohning yaratganlari haqida tafakkur qilinadi, barchamizni atrofimizdagi har bir narsa haqida fikr yuritib, ibratlanishga, yaratib qo'yilgan behisob ne'matlar uchun shukrona aytish buyurilgan. “Birni ko'rib fikr qil, yuzni ko'rib shukr qil” degan bayt mag'zida ham ana shu ma'no mujassam.
To'rt muchamiz soppa-sog', shunday tugal hayotga egaligimiz, uning qanchalik bebaho ne'mat ekanini his qilib, shukr qilib yashashimiz kerakligini korona virus pandemiyasi, Buxoroda ro'y bergan to'fonlar va Sardoba toshqinlari har birimizni ogoh etib turibdi. Biz ular keltirgan fojealardan saboq olar ekanmiz, xalq, millat bo'lib jipslashyapmiz. Sinovlar elimiz irodasini toblayapti, qalblarimizga mehr-muruvvat, saxovat tuyg'ularini indirib, birodarlarimizga baholi qudrat yordam berishga chorlayapti.
Bunga toshqindan aziyat chekkanlar huzuriga borayotganda ko'rib, kuzatib amin bo'ldim. To Jizzaxga etguncha yo'l bo'yi ketayotgan saxovat karvonlarining keti uzilmaydi. Ular safida tashkilotu idoralar bilan bir qatorda oddiy fuqarolar, mahalla ko'y vakillari o'z avtomobillariga xayriya yuklarin ortib, birodarlarimizga haminqadar bo'lsa-da, ko'mak bo'lsin, deya yo'lga otlanishgan. Mening nazarimda, shu kunlarda magistrallarimiz savob va ezgulik yo'liga aylangan. SHunday kezda yuragingiz beixtiyor ezgu ziyoga to'ladi, qo'lingiz duoga ochiladi. YAratgandan yurtga tinchlik-xotirjamlik, jabr ko'rganlarga sabr-toqat tilaymiz.
YOshim saksonni qoralab boryapti. 50-yillardagi nonga zorliklarni ko'rdik, shundan keyingi zamonlarning quvonchu tashvishlarni boshdan o'tkazib kelyapmiz. SHukr, Haj ziyoratida bo'ldim. Bugungi kunda mahalla faoli va xalq deputatlari Toshkent tumani kengashi deputati sifatida jamoat ishlariga hissa qo'shishga harakat qilaman. Keyingi paytda kam ta'minlangan oilalarni moddiy-ma'naviy qo'llab-quvvatlashga, tomorqadan unumli foydalanish orqali ular daromadini oshirish bo'yicha qator ishlarni amalga oshirdik.
Sardobada ro'y bergan voqealarni oynaijahonda ko'rib, ro'znomalarda, shu jumladan ”YAngi O'zbekiston”da suv bosgan hududlardan ko'chirilayotganlarni o'z bag'riga olayotganlar haqida haroratli maqolalarni o'qib, bizning ham tinchimiz yo'qoldi. Jiyanlarim bilan maslahatlashib, uchta “Gazel” rusumli yuk va to'rtta engil avtomashinalarga 2,5 tonna un, 500 kilogram shakar, shuncha makaron, yog', kartoshka va ust- bosh kiyimlar, bolalar o'yinchoqlarini ortib yo'lga chiqdik. Jizzax shahriga erta tongda etib keldik. SHaharga kiraverishda YPXX xodimlariga niyatimizni aytgan edik, ular Olimpiya zaxiralar kollejiga qadar kuzatib qo'yishdi.
Olib borgan xayriya yuklarini katta sport zaliga tushirdik. Kollej o'quvchilari yotoqxonasiga ko'plab oilalar joylashgan ekan. Biz ular bilan xam uchrashib, hol-ahvol so'radik,bu kunlar tezroq o'tib ketishini, ertangi kunlar saodatini tilab, ezgu niyatlar qildik. Ularning xotirjamligi, ertangi kunga ishonchidan ruhimiz ko'tarildi. Ha shunday, hech kimga o'xshamas va hech kimdan kam bo'lmas sabr-bardoshli, tanti va bag'rikeng xalqimiz bor. Ular Prezidentimiz rahnamoligida har qanday baloi qazo tog'ini talqon qilib tashlashga qodir. Buni bugungi kun sinovlari amalda isbotlab turibdi.
Ana shunday ko'ngilni yorishtiruvchi tuyg'ular bilan yashash joyimizga, Toshkent tumanidagi Oltintepa qishlog'iga qaytib keldik. Mahallamizda bunday yo'l tutayotgan faqat biz emasmiz. Ular ham Sardoba voqealaridan aziyat chekkanlarga xayru saxovat ko'rsatishda o'z hissalari bilan ishtirok etyapti.
Buyuk bobolarimizdan meros tafakur xazinalari, avlodlardan avlodlarga o'tib kelayotgan insoniylik fazilatlari bugungi kunda yangidan yangi ezgu an'analar bilan boyib, sobitlashib boryapti. Birni ko'rib fikr, birni ko'rib shukr qilmoq hikmati qalbimizda doimo poydor bo'lsin.
Mirislom USMONOV,
Xalq deputatlari Toshkent tumani kengashi deputati









