Bishkekda “Qirgʻiziston – Oʻzbekiston” biznes-forumi boʻlib oʻtdi

    Xalqaro hamkorlik 26 Yanvar 2023 1043

    Forum yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq boʻlgan mustahkam kelishuvlar toʻplami imzolandi.

    Vazirlar Mahkamasi Raisi – Qirgʻiziston Prezidenti Administratsiyasi rahbari Oqilbek Japarov yigʻilganlarga tabrik soʻzi bilan murojaat qildi.

    U mamlakatlar oʻrtasidagi strategik sheriklik munosabatlari yuqori darajada ekanini taʼkidladi.

    «Mamlakatlarimiz keng qamrovli savdo-iqtisodiy hamkorlikka erishish uchun boy salohiyatga ega ekanligini taʼkidlamoqchiman. Umid qilamanki, forum samarali boʻlib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi toʻlaqonli hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

    Ishonchim komilki, erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi yaqin kelajakda ikki davlatning savdo-iqtisodiy koʻrsatkichlariga taʼsir qiladi», — dedi Oqilbek Japarov.

    Biznes-forum Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning davlat tashrifi doirasida oʻtkazilmoqda.

    2022-yilning 11 oyi yakunlariga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 543,2 million dollarni tashkil etdi. 2021-yilning shu davriga nisbatan 21 foizga oʻsgan.

    «Albatta, bu strategik hamkorlarning oʻzaro savdosi uchun chegaraviy koʻrsatkichlar emas. Umid qilamanki, yaqin kelajakda tovar ayirboshlash hajmi milliardlab dollarga etadi.

    Mamlakatlarimiz ishlab chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchilar uyushmalari, savdo-sanoat palatalari va boshqa xoʻjalik birlashmalari oʻrtasidagi aloqalarni faollashtirishimiz zarur.

    Shu bilan birga, hamkorlik mexanizmlarini samarali shakllantirish, byurokratiyani minimallashtirish va ishbilarmon doiralar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish, tovarlar va sarmoyalarning erkin harakatlanishini taʼminlash zarur», — dedi Oqilbek Japarov.

    Taʼkidlash kerakki, Qirgʻizistonda Oʻzbekiston sarmoyasi ishtirokidagi 60 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Ularning, 22 tasi qoʻshma korxona va 38 tasi toʻliq Oʻzbekiston kapitali ishtirokida tashkil etilgan.

    “Biz Qirgʻiziston iqtisodiyotini rivojlantirishga investitsiyalar, ilgʻor texnologiyalar va oʻzbek kompaniyalari boshqaruvini jalb qilishdan manfaatdormiz, – dedi Vazirlar Mahkamasi raisi Oqilbek Japarov Qirgʻiziston-Oʻzbekiston biznes-forumida.

    Uning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston Qirgʻiziston uchun ishonchli qoʻshni, qardosh davlat va strategik sherikdir. Bugungi kunda mamlakatlar oʻrtasida yuqori darajadagi strategik hamkorlik oʻrnatilgan, konstruktiv va ishonchli muloqot yoʻlga qoʻyilgan.

    Forum yakunlari boʻyicha kimyo, elektrotexnika, avtomobilsozlik, toʻqimachilik sanoati, qishloq xoʻjaligi, qurilish materiallari ishlab chiqarish, charm mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati 1,6 milliard dollardan ortiq boʻlgan mustahkam kelishuvlar toʻplami imzolandi.