Bishkekda suv tanqisligi: suv turar-joylarga sisternalarda yetkazilib berilmoqda

    Bishkekda keskin suv tanqisligi kuzatilmoqda. Qirgʻiziston poytaxtidagi aholi turar-joylariga suv sisternalarda yetkazib berilmoqda. Shahar maksimal tejamkorlik holatiga oʻtdi.

    Bishkekning janubi-gʻarbiy qismida joylashgan turar-joy hududida odamlar chelaklarda suv tashimoqda. Uch kundan beri joʻmraklarda suv yoʻq. Tashqarida esa havo harorati 30 darajadan yuqori.

    “Suv bilan bogʻliq muammolar ikki hafta oldin boshlangan. Ammo keyin kuniga kamida bir necha soat suv berildi, hozir esa umuman suv yoʻq. Bizda hech qachon bunday uzoq uzilishlar boʻlmagan”, deydi mahalliy aholidan biri Bayjigit Ixtiyar ugʻli.

    Bishkekning turli tumanlari va Chuy viloyatining eng yaqin qishloqlarida suv taʼminotidagi uzilishlar qayd etildi. Mutaxassislar tushuntirishicha, shahar suv bilan ikkita yer osti suv manbalari orqali taʼminlanadi. Bu yil ularning sathi 15-20 metrga pasaygan. Bu mamlakat parlamenti yigʻilishida asosiy muammo sifatida koʻtarildi.

    “Yer osti suvi sathi pasaygani bois suv chiqaradigan nasoslarning quvvati ham kamaydi. Ushbu darajani saqlab qolish uchun hovuzlar mavjud. Ularda suv Alamedin va Ala-Archa daryolaridan keladi. Hozirgi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, suv sathi bir nuqtada barqarorlashgan. Ammo mart oyida daryolarda suv kam boʻlgani uchun kerakli miqdorda suv yigʻib boʻlmadi”, — dedi Bishkek vitse-meri Jirgalbek Shamiraliyev.

    Bishkekda suv isteʼmoli oshgani ham vaziyatni murakkablashtirmoqda. Qishda bir kishi uchun kuniga 170 litr suv yetarli edi. Issiq paytda 400 litrdan ortiq suv kerak boʻladi. Mahalliy hokimliklar suvni iqtisod qilishni boshlashdi.

    “Biz kunduzi sugʻorish ishlarini aniqlash uchun guruhlar tashkil etdik. Bu ish davom etmoqda. Vaziyat yaxshilanmaguncha avtomobil yuvish shoxobchalarini yopyapmiz”, dedi “Bishkekvodokanal” kommunal korxonasi bosh muhandisi Qodirbek Otorov.

    Yangi quduqlarni burgʻulash va suv olish joylarini kengaytirish orqali vaziyatni oʻglash mumkin. Jogorku Kenesh qoʻmitasi respublika byudjetidan 150 million som ajratishni maʼqulladi.

    Bishkek meriyasining qayd etishicha, vaziyat yaxshilanmaguncha suv tashuvchilar doimiy ishlaydi, deb xabar beradi mir24.tv.