TDTU Olmaliq filiali rahbariyati hamda maktab direktorlari bitiruvchilar haqida suhbatlashdi

    TDTU Olmaliq filialida filial rahbariyati Olmaliq shahridagi 24 ta umumiy oʻrta maktabi direktorlari bilan “Bitiruvchi -2024” mavzusida suhbatlashdi.

    Uchrashuvda filial direktori A.Samadov filial faoliyati hamda filialga biriktirilgan Olmaliq shahri va yondosh hududlarda joylashgan maktablar bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlari xususida batafsil maʼlumot berdi.

    Oʻquv ishlari boʻyicha direktor oʻrinbosari O. Abdiyev taʼlim yoʻnalishlari va shakllari, oʻtgan yilgi va yangi oʻquv yiliga rejalashtirilayotgan qabul kvotalari, taʼlim uchun yaratilgan sharoitlar haqida, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktorning birinchi oʻrinbosari B.Jamiyev filialda olib borilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar haqida batafsil maʼlumot berdi.

    Anjuman davomida filial rahbariyati hamda maktab direktorlari taʼlim islohotlari, mavjud muammolarga muqobil yechimlar xususida oʻzaro fikr almashdilar.

    Shundan soʻng maktab direktorlari Metallurgiya va kimyoviy texnologiyalar fakultetining oʻquv va ilmiy laboratoriyalari bilan tanishtirildi. Yangi zamonaviy laboratoriya jihozlari haqida maʼlumotlar berildi.

    Oliy taʼlim va umumiy oʻrta maktablar integratsiyasini yanada rivojlantirish davlatimizning taʼlim tizimi oldiga qoʻyayotgan asosiy talabi ekani, taʼlim islohotlarini samarali amalga oshirishda tizimning barcha boʻgʻinlari hamjihatlikda ishlashi zarurligi taʼkidlandi.