8-avgust kuni Bosh vazir A.Aripov boshchiligida Vazirlar Mahkamasida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida ham tizim faoliyatida ishni tashkil etish borasidagi kamchiliklar tahlil qilinib, mahallalar bilan samarali ish tashkil eta olinmagani, natijalar qoniqarli emasligi tufayli mahalla tizimi rahbarlariga jazo berilgan edi.

Xususan, ishda yoʻl qoʻygan kamchiliklari uchun Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov, vazir oʻrinbosarlari Azizbek Ikromov va Botir Parpiyevga hayfsan eʼlon qilingan.

Kecha, 19-avgust kuni Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida soʻz olgan vazir oʻrinbosari Botir Parpiyev hukumat tomonidan tizim rahbarlariga berilgan jazo adolatli ekanini taʼkidladi. Bu haqda OʻzA xabar berdi.

Jumladan vazir oʻrinbosari: “Oʻz ishining mohiyatini toʻgʻri tushunmaydigan viloyat, tuman va shahar tizimida ishlayotgan rahbarlar hamda oʻz vazifasiga nomunosib mahalla raislari tufayli shu ahvolga tushib qoldik.

Ayniqsa, oxirgi paytlarda internet tarmoqlarini “ishqilib yana bir balo chiqmagan boʻlsin-da mahalla haqida” degan xavotir bilan kuzatadigan boʻlib qoldik. Chunki bizga tushgan raislardan norozi boʻlib yozilgan murojaatlar, ijtimoiy tarmoqlardagi materiallarni oʻrganganimizda koʻpincha mahalla raislari nohaq boʻlib chiqyapti”, dedi.

2020-yil 19-avgust holatiga koʻra, vazirlikka mahalla raisi va xodimlari xatti-harakatidan norozilik mazmunida 5173 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 140 tasi toʻgʻridan-toʻgʻri vazirlikka kelib murojaat qilgan.

Eng koʻp murojaat Qashqadaryo viloyatida 756 ta, Toshkent shahrida 640 ta, Surxondaryo viloyatida 578 ta, Samarqand viloyatida 450 ta, Toshkent viloyatida 397 ta, Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida 360 tani tashkil etadi.