Befarq boʻlmaslik. Bu inson hayotidagi asosiy omillardan biri. Natija boʻlishi uchun jarayon toʻxtab qolmasligi uchun, kelajak uchun hamjihatlik muhim.
Fargʻonada “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki” shiori ostida oʻtgan targʻibot tadbiri ishtirokchilari vatan taqdiriga befarq emasliklarini namoyish etishdi. Fargʻona davlat Universitetida tashkil etilgan mazkur tadbirda minglab olov qalb yoshlar koʻzida shiddat, ishonch va gʻurur hissi joʻsh urdi.
Oʻzbekistonning har bir fuqarosi 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan katta siyosiy tadbirni intiqlik bilan kutmoqda. Chunki konstitutsiya taqdiri xalqimiz taqdiri, bugungi va ertangi kelajagi bilan chambarchas bogʻliq. Konstitutsiya qonun loyihasi boʻycha umumxalq muhokamalarida jami 222 ming 715 ta taklif kelib tushgan va ularning 25 foizi loyihaga kiritilgan.
Qariyb 4 millionga yaqin aholi istiqomat qilayotgan Fargʻona viloyatida soʻngi yillarda keng miqyosda islohotlar amalga oshirildi. Albatta bularning barchasida bosh qonunimizning oʻrni katta. Yangilanayotgan konstitutsiya inson qadrini yanada yuksaltirish, huquq va manfaatlarini himoya qilishi bilan bogʻliq oʻzgarishlarni oʻzida mujassam etayotgani bilan ahamiyatli.
– Inson qadri, munosib hayot tarzi va farovon kelajak. Bu tushunchalar haqida koʻp gapiramiz. Chunki Konstitutsiya inson qadri, munosib hayot tarzi va farovon kelajak bosh kafolati ekanligini butun vujudimiz bilan tushunib yetdik,–deydi Respublika maʼnaviyat va maʼrifat markazi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Maʼsudjon Sulaymonov. –Yangilanayotgan konstitutsiya har bir sohani qamrab olgani bilan ahamiyatli. Taklif etilayotgan normalarning yarmidan koʻpi inson huquqi va erkinliklarini himoya qilishning asosiy kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgani bilan eʼtiborni tortadi.
–Vatanimizning ertangi taraqqiyoti, istiqboli biz yoshlarga bogʻliq,– deydi Fargʻona jamoat salomatligi instituti talabasi Nodrabegim Jamoliddinova. – Shu bois yoshlar masalasiga muhim eʼtibor qaratilib kerakli sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu jarayon bosh qomusimiz loyihasida ham katta oʻrin egallagani Yangi Oʻzbekistonda yoshlar siyosati ustuvor ekanligini koʻrsatadi.
Targʻibot tadbirida soʻzga chiqqanlar barchani Konstitutsiya qonun loyihasi boʻyicha oʻtkaziladigan referendumda faol boʻlishga chaqirdi. Katta konsert dasturi barchaga Navroʻzi olam shukuhini ulashdi.
Rasuljon Kamolov,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri