Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — vatanmiz!

    Fikr 30 Avgust 2024 1809

    Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi arafasida har bir vatandoshimiz, har bir millatdoshimiz qalbida istiqlol mavjlari, kecha va bugunning aksi jilolanishi tabiiy. Boisi, shu 33-yil mobaynida oʻzbek eli bir maqsad yoʻlida birlashdi, milliy jipslik yanada qalinlashdi.

    Davlatimiz rahbari oʻz nutqlarida “Vatanimizning ravnaqi, xalqimizning farovonligi uchun bor kuch-gʻayratimizni, bilim va tajribamizni safarbar qilish — har birimizning muqaddas burchimizdir” — degan edilar.

    Bugun kattayu kichik bir tanu bir jon boʻlib, bunyodkorlik, obodlik ishlarida bir-birlariga yelkadosh boʻlmoqda. Bu shonli 33-yil har bir yurtdoshimiz qalbida Vatanimizga, ozodligimizga, istiqlolimizga boʻlgan cheksiz muhabbat va iftixor tuygʻusini mustahkamladi.

    Mustaqillik – bu xalqimizning tarixiy taqdiri, kelajagi va barcha orzu-umidlarining mustahkam poydevori. Shu bois har yili bu kunni shukronalik bilan qarshi olamiz, erishilgan yutuqlarni, orzu-havaslarimizni yodga olamiz va ulugʻ maqsadlar sari bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilamiz.

    Yurtimiz mustaqillikka erishgach, xalqimiz oʻz taqdirini oʻzi belgilash, oʻz kelajagini mustaqil ravishda qurish imkoniyatiga ega boʻldi. Shu yillar davomida Oʻzbekiston xalqining qanday ulkan taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtganini koʻz oldimizga keltirsak, bugungi kunda erishilgan yutuqlarimizning asosida mustahkam birlik va oʻzaro totuvlik ildiz boʻlganini anglaymiz. Aynan birlik va hamjihatlik tufayli biz iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalarda ulkan yutuqlarga erishdik.

    Bugun dunyo ahli “Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” – deya olgʻa intilayotgan xalqimiz kechagi xalq emasligini anglab yetmoqda. Bu shior ostida amalga oshirilayotgan islohotlar odamlarimizning hayotiy farovonligi, erkinligi va baxt-saodati uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

    Bugun, Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligini nishonlar ekanmiz, oʻz oldimizga yanada ulkan maqsadlarni qoʻyishimiz, yangi marralar sari dadil qadam tashlashimiz, kelajak avlod uchun yorugʻ istiqbol yaratishimiz zarur. Shu yoʻlda barchamiz birdamlikda, fidoyilikda harakat qilishimiz lozim. Vatanimiz ravnaqi uchun, xalqimiz farovonligi uchun birlashish, hamjihatlikda yashash – bizning eng ulugʻ vazifamizdir.

    Ana shu burchlarimizni chuqur anglagan holda oldimizga ulugʻ orzu va rejalar qoʻyganmiz. Ana shu orzular roʻyobi bizni saodat manzili sari yetaklasin, oʻzligimizni anglash, qadriyatimiz tantanasi — mustaqillik bayrami barchamizga muborak boʻlsin!


    Sohiba Zokirova,

    Fan doktori