Bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!

    TTA talabalari “Doʻstlik” ordeni sohibi, shoir Bobir Bobomurod bilan uchrashdi.

    Mamlakatimiz mustaqilligining 33-yillik shodiyonasini Toshkent tibbiyot akademiyasi talaba yoshlari va professor oʻqituvchilari katta tayyorgarlik va koʻtarinki ruhda qarshi olmoqdalar. Mustaqillik tuhfa etgan cheksiz imkoniyatlar shu yil akademiya tarixi sahifalariga oltin harflar bilan yozib qoʻyiladigan boʻldi.

    Ilmiy pedagogik jamoamiz nufuzini yana bir pogʻona yuksaklarga koʻtargan 4 nafar talabamiz mamlakatimizning yuksak orden va medallari sohibiga aylandilar. Ikki nafar talaba qizimiz Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga loyiq koʻrilgan boʻlsa,ikki nafar talaba yigitimizga “Mard oʻgʻlon” ordeni berildi.

    Yangi Oʻzbekiston imijini oʻzining milliy qadriyatlarimizga sodiqligi va yangi bilimlarni egallashdagi tashabbuslari bilan namoyon etib kelayotgan tashabbuskor yoshlarimizning bunday muvaffaqiyatlariga Toshkent tibbiyot akademiyasida yaratilayotgan qulay imkoniyatlar, sogʻlom maʼnaviy muhit, kelajak tibbiyot ilmini egallash yoʻlida amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalarimiz ham sabab boʻlmoqda. Buni el ardogʻidagi shoir, «Doʻstlik ordeni « sohibi Bobir Bobomurod kuni kecha Akademiya yoshlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda alohida eʼtirof etdi.

    Mamlakatimiz mustaqilligining 33-yillik shodiyonasi arafasida oʻtkazilgan maʼrifiy kechada yurtimiz yoshlarining kechagidanda ilgʻor saʼy-harakatlari, kun sayin takomillashib borayotgan ilmiy salohiyati va ajdodlarimizdan meros umrboqiy anʼanalarimizga sadoqati haqida gapirildi.

    Shoir Bobur Bobomurodning sheʼriyat muxlislariga yod boʻlib ketgan eng joʻshqin ijod namunalarini tadbir ishtirokchilari joʻr ovozda baralla aytdilar. Ijodiy muloqot chigʻida yurt tinchligi, mamlakat obodligi, oilalar farovonligi va elimiz salomatligini mohirona badiiy talqinda, qalbga yaqin satrlarda qalamga olayotgan sevimli shoirimiz Toshkent tibbiyot akademiyasi yoshlarining jamiyatimiz hayotidagi faolligi, yosh olimlarimizning yangicha qarash va istiqbolli loyihalari xalqaro platformalarda eʼtirof etilayotganidan mamnunligini bildirdi.

    Shu oʻrinda TTA maʼmuriyatining yoshlar kitobxonligini yuksaltirishdagi tashabbusi toʻgʻrisida:

    TTA Axborot Resurs Markazi yangi oʻquv yiliga alohida tayyorgarlik koʻrmoqda. Yaqinda ARM fondi yangi adabiyotlar bilan boyitildi. Endilikda talabalar kitob rastalaridan tibbiyotning barcha sohalariga oid ilmiy-tibbiy jurnallar, maʼnaviy-maʼrifiy nashrlar, yangi olingan badiiy adabiyotlar, xususan Rossiyaning “Geotar Media” nashriyotidan sotib olingan rus va ingliz tilidagi kitoblarni topishlari mumkin.

    Yangi oʻquv yilidan boshlab barcha fakultetlar yuqori kurs talabalarining tor soha mutaxassisligiga oid adabiyotlardan foydalanish imkoniyati kengayadi.

    Kitobxon talabalar QR kutubxona fondidan kerakli adabiyotlar va ilmiy jurnallarni mobil qurilmalar yordamida Skanerlab onlayn oʻqish yoki yuklab olish imkoniyatiga ega boʻladilar.

    Gulchehra Mirzayeva,

    TTA matbuot kotibi