Ana shunday loyihalardan biri BMT Taraqqiyot Dasturi hamda O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida 2020 yilning may oyidan “Biznes-klinika” nomi bilan ish boshladi. Loyiha karantin va karantindan keyingi davrda kichik va o'rta biznes, xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga bepul yuridik va biznes maslahatlar berish, ularning sohaga oid qabul qilingan farmon va qarorlar mazmun-mohiyati, qo'llab-quvvatlash choralari bo'yicha to'liq va ishonchli ma'lumot olishlariga ko'maklashishni maqsad qilgan. Ayni paytda mazkur loyihaga jalb etilgan huquqshunos, iqtisodchi, eksport-import hamda bank kreditlari bo'yicha malakali mutaxassislardan iborat jamoa haftaning dushanba–juma kunlari soat 9:00 dan 19:00 ga qadar pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlarning 1094 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki onlayn tarzda @biznes_klinika telegram tarmog'i orqali yo'llayotgan murojaatlari asosida barcha masalalar bo'yicha bepul maslahat xizmatlarini ko'rsatib kelmoqda.

– Pandemiya tufayli so'nggi oylarda ko'plab kompaniyalar, ayniqsa, kichik va o'rta biznes vakillari ishlab chiqarish va sotuvning kamayishi, mijozlarini yo'qotish, aylanma savdoning yo'qligi kabi bir qancha omillar tufayli o'z ish faoliyatini qisqartish yoki butunlay to'xtatishga majbur bo'ldi, – dedi komponent rahbari Farhod Jabborov. – Biznes-klinika loyihasi ana shunday og'ir vaziyatda tadbirkorlik sub'ektlariga bepul maslahatlar berish, ularning faoliyatiga oid dolzarb mavzularda malakali mutaxassislar ishtirokida onlayn vebinarlar tashkil etish orqali pandemiya sabab yuzaga kelgan biznesdagi qator muammolarni “davolash”ga ko'maklashishib kelmoqda.

SHu kunlarda loyiha doirasida kichik va o'rta biznes vakillariga yangi turtki berish, biznes boshqaruvi ko'nikmalarini rivojlantirish, biznes barqarorligi va hayotiyligini ta'minlash hamda kelajakdagi har qanday o'zgarishlarga moslashishga qaratilgan onlayn, karantindan so'ng esa offlayn kurslarni boshlash rejalashtirilgan.