Biznes koʻmakchi, ishonchli maslakdosh

    “Mikrokreditbank” ATB tomonidan joriy yil boshidan beri tadbirkorlik subyektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 384,4 mlrd. soʻm ekvivalentida mablagʻlar ajratilgan.

    “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki bugungi kunda oʻzining xorijiy kredit liniyalari orqali jalb qilingan mablagʻlari bilan iqtisodiyotning real sektori korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash hamda ishlab chiqarishni diversifikatsiyalashga doir investitsiya loyihalarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

    Xususan, Toshkent viloyati Nurafshon BXO mijozi “Inter Agro Broiler Breeders” korxonasiga 2022-yilda parrandachilik faoliyatini rivojlantirish maqsadida aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun ona tovuq joʻjalari hamda parranda ozuqa yemi sotib olish uchun 20 mlrd. soʻm miqdorida kredit ajratilgan. Tadbirkor “Mikrokreditbank”dan imtiyozli kredit olgani uchun 3-yildan beri qiynalmay, shu darajaga yetganini bildirdi.

    — Davlatimiz rahbarining Vengriya va AQSHga rasmiy tashriflaridagi erishilgan kelishuvlar ishimizni ancha osonlashtirdi. Shu tariqa hozir yana yangi loyihalar ustida ishlab, “Mikrokreditbank”dan yana bemalol kredit olishimiz mumkin, — dedi korxona rahbari Rustam Saidov. — Aytish joiz, umumiy qiymati 30 mlrd. soʻmni tashkil etadigan loyiha uchun bank tomonidan moliyaviy yordam koʻrsatilib, 2023-yilda 58,2 mlrd. soʻmlik pul aylanmalari amalga oshirildi. Eng muhimi, korxonamizda hozir 200 dan ziyod yangi ishchi oʻrni yaratilgan.

    50 gektarlik yerda joylashgan mazkur korxonada bir oyda 1,7-1,8 mln. dona inkubatsion tuxum yetishtiriladi. Mahsulotlarning 50 foizi mahalliy bozorga, qolgan yarmi esa 7 ta davlat — Ozarbayjon, Rossiya, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Tojikiston, Saudiya Arabistoni va Qirgʻizistonga eksport qilinadi.

    Taʼkidlash joiz, “Mikrokreditbank” ATB tomonidan joriy yil boshidan beri tadbirkorlik subyektlarining investitsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 95 ta loyihaga jami 384,4 mlrd. soʻm ekvivalentida mablagʻlar ajratilgan.