Bu haqida Biznes-ombudsman matbuot kotibi maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, tadbirkorlik subyektiga tegishli shoxobchalar litsenziyasini 6 oy muddatga toʻxtatib turish boʻyicha Oʻzenergoinspeksiyaning Fargʻona viloyati boshqarmasi tomonidan sudga daʼvo kiritilgan.

Biznes-ombudsman devoni xodimlari sud jarayonida tadbirkor manfaatlarini huquqiy jihatdan himoya qilgan. Natijada nazorat organining daʼvosi rad etilgan va korxonaning huquqlari tiklangan.

Shuningdek, Biznes-ombudsman aralashuvi bilan ushbu tadbirkorga qarashli shu hududda joylashgan yana 6 ta AGTKSH boʻyicha ham xuddi shunday muammolar ijobiy hal etilgan.

Sud tomonidan mazkur shoxobchalar litsenziyasini toʻxtatish boʻyicha kiritilgan daʼvolar rad etilgan. Noqonuniy tekshiruv oʻtkazgani uchun ayrim mansabdor shaxslar maʼmuriy javobgarlikka tortilgan va tegishli tashkilotga taqdimnoma kiritilgan.

Qayd etilishicha, huquqiy koʻmak natijasida hududdagi jami 7 ta yirik gaz toʻldirish shoxobchasi faoliyati saqlab qolingan, shu bilan birga yuzlab xodimlarning ish oʻrni ham asrab qolingan.