Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida roʻyxatdan oʻtgan “Sardor” (nomi oʻzgartirilgan) xususiy korxonasi oʻziga nisbatan bojxona organi tomonidan noqonuniy maʼmuriy bayonnoma tuzilgani va salkam 70 mln soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlashni talab qilayotganidan hamda adolatsiz sud qarorlaridan norozi boʻlib Biznes-ombudsman devoniga murojaat qildi.
Aniqlanishicha, tadbirkor 2022-yilda BAAdagi tadbirkorlik subyekti bilan neft mahsulotlari yetkazib berish boʻyicha bitim tuzgan va Oʻzbekistonga tovar yetib kelgandan soʻng bojxona toʻlovlarini toʻlab, import tovarni ichki bozorda realizatsiya qilgan.
Oradan bir yil oʻtgandan soʻng tadbirkordan 69,5 mln soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlash haqida talabnoma yuboriladi.
Bundan tashqari, tadbirkor goʻyoki bojxona organiga toʻlov miqdorini kamaytirish uchun asos boʻladigan notoʻgʻri maʼlumot taqdim qilganlikda ayblanib, ish Jinoyat ishlari boʻyicha Qarshi shahar sudiga oshiriladi va sud tomonidan ish bir tomonlama koʻrib chiqilib, tadbirkorga MJTKning 227-25-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 7 baravari miqdorida jarima qoʻllanadi. Bu qarorni Qashqadaryo viloyat sudi ham oʻzgarishsiz qoldiradi.
Biroq Biznes-ombudsman devoni xodimlari koʻmagida quyi sud qarorlariga nisbatan Oliy sudga shikoyat kiritildi. Shikoyat 2024-yil 7-mayda Oliy sud tomonidan koʻrib chiqilib, quyi sudning qarorlari bekor qilindi va tadbirkorga qoʻllangan jarima undirilmaydigan boʻldi.
Tadbirkor tomonidan 69,5 mln soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlash haqida talabnomaga esa eʼtiroz bildirilgan va shu sababdan bojxona organi sudga shu summani undirish haqida daʼvo arizasi kiritgan.
Biznes-ombudsman devoni xodimlari koʻmagida sudda tadbirkorning huquqlari himoya qilindi va 69,5 mln soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlashni talab qilish noqonuniy ekanligi isbotlandi.
Viloyat sudining 2024-yil 7-maydagi qarori bilan 69,5 mln soʻm qoʻshimcha bojxona toʻlovi toʻlamaydigan boʻldi.
Murojaati qanoatlantirilgan tadbirkor oʻz huquqlarini himoya qilish uchun harakat qilsa tiklash mumkin ekanligiga ishonch hosil qildi.