Bizni yangi, yorugʻ manzillar kutib turibdi

    Sizlar betakror, havas qilsa arzigulik, buyuk tarixga ega yurtda yashayotgan baxtli insonsiz. Dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan ilmli ajdodlaringiz bilan faxrlanasiz. Tez oʻzgarib borayotgan bugungi zamonda siz – oʻzbeklarning nihoyatda katta vazifangiz bor.

    Taʼlim sohasi vakili sifatida koʻp xorijiy yurtlarda boʻldim, turli millat vakillari bilan suhbatlashdim. Turfa manzaralar, har xil qarashlarni koʻrdim. Ularning bari bir tomonu kechagi Prezident saylovi taassurotlari bir olam boʻldi.

    Saylov jarayonlarini kuzatish istagida shahrimizga kelgan qator xorijlik kuzatuvchilar, olimlar bilan suhbatlashdik.

    Turkiyadan kelgan mehmonlarning “qadimdan bir boʻlgan qardoshim – ota yurtim” degan soʻzlari, yaponlarning oʻzbekistonlik yoshlar iqtidorini koʻrib hayratlanishi, yurtida toʻrt faslni sogʻinadigan malayziyaliklarning chiroyli bogʻ-rogʻlarimiz, kuzning tarovatiga koʻzlari yonib boqishlari... islomiy davlatlardan kelganlarning olimu ulamolarimiz, allomalarimiz merosiga havas qilishi, buyuk ajdodlarimiz qadami tekkan qadimiy zaminga oshiqishi.... Xullas, mehmonlar oʻzbekistonliklarning hayotga, jamiyat rivojiga befarq emasligi, jadal rivojlanib borayotganimizni tan olib, havasda ekanini yashirmadi.

    Ayollarga boʻlgan eʼtibor, yoshlarga qaratilayotgan davlat siyosati, ochiqlik, bagʻrikenglik va barcha sohada kuzatilayotgan jiddiy oʻzgarishlarni koʻrib, ular haqida fikrlarini bayon etib, amalga oshirayotgan ishlarimizga baho berishganida, demak biz toʻgʻri yoʻldamiz, degan ishonch yanada mustahkamlandi, qalbimiz faxrga toʻldi.

    Malayziyalik olima, Islom sivilizatsiyasi instituti direktori Fariza Bin Shamning bir gapi hamon qulogʻimda jaranglab turibdi.

    “Sizlar betakror, havas qilsa arzigulik, buyuk tarixga ega yurtda yashayotgan baxtli insonsiz. Dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan ilmli ajdodlaringiz bilan faxrlanasiz. Tez oʻzgarib borayotgan bugungi zamonda siz – oʻzbeklarning nihoyatda katta vazifangiz bor. U ham boʻlsa, ajdodlaringizga munosib yoshlarni tarbiyalash. Yurtingiz obroʻsini oshirish aynan ularning qoʻlida boʻladi. Boshqacha boʻlishi mumkin emas”.

    Albatta, Fariza xonimga mamlakatdagi islohotlar aynan shu maqsadlarni koʻzlab amalga oshirilayotgani haqida soʻzlab berdim. Uning taʼkidlashicha, allomalarimiz hayot yoʻli, ilmiy merosi Malayziya maktablarida boshlangʻich sinflardan boshlab oʻqitilar ekan.

    Yana bir gap. Fariza xonim oʻzbek oʻqituvchilaridan malay tilini oʻrganib, mehmonimiz tilida erkin gaplasha oladigan talabalarimiz bilan suhbatlashganida, qolaversa, ularning bilimiga, iqtidoriga tan bergan vaqtda boʻyim yana bir qarich oʻsdi. Gʻurur hissi insonga kuch berishini yana bir bor his qildim.

    Xalqimiz shunday faxr, zoʻr quvonch va toʻliq ishonch bilan oʻz Liderini sayladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida xalqimiz oldida ortga qaytmas taraqqiyot yoʻli – Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirish maqsadlari turibdi. Bu qutlugʻ yoʻlda birgalikda koʻzlagan marraga yetishga toʻla ishonchlarimiz bor. Chunki biz oʻtgan besh yilda misli koʻrilmagan yutuqlarni qoʻlga kiritdik. Bunda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi muhim dasturilamal boʻldi. Farovon hayot uchun islohotlarni amalga oshirishda yetarli tajriba toʻpladik. Bizni yangi, yorugʻ manzillar kutib turibdi. Shu yoʻlda yurtimizning koʻpmillatli, ahil xalqi, albatta, oʻz irodasini namoyon etishiga, davlatimiz rahbari tashabbuslarini, gʻoyalarini hamjihatlikda qoʻllab-quvvatlashiga ishonchimiz komil.

    Gulchehra RIXSIYEVA,

    Toshkent davlat sharqshunoslik

    universiteti rektori