Farzandlarimizni zamonaviy bilim va dunyoqarash, daromadli kasb egalari etib tarbiyalash, ularni ilm-fan, IT texnologiyalar, maʼnaviyat, sanʼat va adabiyot, sport bilan oshno etish uchun hech narsani ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi.
– Bugun faqat mana shunday ilgʻor yoshlarga, mana shunday jonkuyar ziyolilarga, Vatan ravnaqi yoʻlida birlashgan xalqqa ega boʻlgan davlatgina oʻz milliy manfaatlarini taʼminlashga erisha oladi. Bizning ikkita oʻq tomirimiz, ikkita tayanch ustunimiz bor: biri – iqtisodiyot, biri – maʼnaviyatdir. Maʼnaviy buyuk xalq – iqtisodiy tomondan ham buyuk boʻladi, – dedi davlatimiz rahbari.
Ayni vaqtda jamiyatimizdagi ochiqlik va erkinlik muhitini, millatlar va dinlar oʻrtasidagi ahillik va hamjihatlikni mustahkamlash, soʻz va matbuot erkinligi, vijdon erkinligini taʼminlash boʻyicha boshlangan ishlar davom ettirilishi taʼkidlandi.