Bizning vazifamiz — zamon bilan hamnafas faoliyat olib borish

    Bugungi kunda yangi Oʼzbekistonda taʼlim sohasini rivojlantirish, kelgusida samarali natijalarga erishish maqsadida qator amaliy islohotlar olib borilmoqda. Аna shu islohotlarning taʼlim tizimida nechogʼlik ahamiyatga ega ekanini bugungi oʼzgarishlardan ham anglash mumkin.

    Bizning Fargʻona politexnika instituti oʻz oldiga katta maqsadlarni qoʻygan. Salohiyatli kadrlar yetishtirish hamda ajdodlarga munosib vorislar tarbiyalash – asosiy vazifamiz.

    Institutimizda 38 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 18 ta magistratura mutaxassisliklarida 14 ming 768 talaba tahsil olmoqda. Shulardan 300 nafari ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar hisoblanadi. Taʼlim dargohida talaba yoshlarning ehtiyojlaridan kelib chiqib, umumiy sigʻimi 1900 oʻringa moʻljallangan 5 ta talabalar turar joyi bor.

    Mamlakatimiz kelajagini yetuk kadrlar bilan taʼminlashda dunyoning yetakchi universitetlari bilan aloqalar yoʻlga qoʻyilgani muhim qadamdir. Rossiya Federatsiyasi va Belarusning yetakchi texnik oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 15 ta qoʻshma taʼlim dasturi, shundan 2+2 qoʻshma taʼlim dasturi asosida 10 ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 5 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgani yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatdir. Yana bir tomoni, talabalarga taʼlim berayotgan professor-oʻqituvchilarning 25 nafari fan doktori, 148 nafari fan nomzodidir. Ayni paytda institutimizda 30 ta ilmiy-tadqiqot loyihasi amalga oshirilib, ular davlat ilmiy-texnik dasturlar, hamkorlik loyihalari doirasida va institutning “Innovatsiya jamgʻarmasi” tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Bundan tashqari, 2 ta xalqaro grant loyihasi (170,4 ming AQSH dollari) hamda qiymati 6,1 milliard soʻmlik 168 ta xoʻjalik shartnomasi bajarildi.

    Yurtimizda yoshlar, xususan, talabalar bandligini taʼminlash masalasiga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada ham dastlabki qadamlarni qoʻydik. Ish bilan bandlikka ehtiyoji bor talabalarning 190 nafari ilmiy va innovatsion loyihalarga jalb qilingandi. Taʼlim dargohimizdagi har bir mutaxassislik kafedralari huzurida ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etilib, ularning oʻziga daromad topish uchun barcha sharoitlar yaratib berildi. Ilmiy va innovatsion ishlab chiqarish hamda turli sohalarga xizmat koʻrsatish uchun moʻljallangan jami 9 ta markaz talabalar bilan gavjum. Bundan tashqari, bir necha unitar korxonalar tashkil etildi. Bu korxonalarga institutning “Innovatsion jamgʻarmasi” tomonidan 5 milliard soʻm mablagʻ ajratildi.

    Bundan tashqari, institutda tizimli ravishda “Mehnat yarmarkasi” oʻtkazilib kelinmoqda. Oxirgi tashkil etilgan yarmarkada Fargʻona viloyatining nufuzli va koʻzga koʻringan 150 dan ortiq tashkilot, korxona va tadbirkorlik subyektlari hamda Fargʻona politexnika institutining 12 ta spin-off korxonalari 1000 dan ortiq vakansiyalar bilan qatnashdi. Fargʻona viloyati Bandlik bosh boshqarmasining shahar va tuman markazlari tomonidan talabalar uchun 2000 dan ortiq boʻsh ish joylari ham taklif etildi. Yarmarkada institutning 2 mingdan ortiq talabasi ishtirok etib, ulardan ishlashga ehtiyoji mavjud boʻlgan 1 ming 500 dan ortiq talaba-yoshlar korxona, tashkilotlarning suhbat jarayonlarida qatnashish uchun roʻyxatdan oʻtkazildi. Yarmarkaning oʻzida 100 dan ortiq talabaga ishga joylashish boʻyicha yoʻllanma berildi. Shuningdek, institutda qator loyihalar, spin-off korxonalari, institutning yuqori kvalifikatsiya talab qilmaydigan turli lavozimlari, qurilish otryadlari hisobiga 603 talaba ish bilan taʼminlandi. 2022-yilda mazkur koʻrsatkichni 1030 ga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu boradagi tizimli ishlarni davom ettirish asosiy maqsadimiz hisoblanadi. Joriy yilda taʼlim dargohimizda olib borilayotgan ibratli va xayrli ishlarning hosilasi sifatida qator quvonchli natijalarga erishayotganimiz bugun ezgu maqsadimiz yoʻlida yanada fidoyilik bilan xizmat qilishimizni taqozo etadi.

    Ayniqsa, oliy taʼlim muassasalarining nufuzli xalqaro reytingi hisoblangan Times Higher Education oʻzining 2022-yil uchun Impakt reytingi (THE Impact Rankings 2022) ni eʼlon eʼlon qilgani, ushbu reytingda Fargʻona politexnika instituti oʻz tarixida ilk bor oʻrin egallagani, umumiy reytingda esa institutimiz 1001+ pogʻonadan joy olishi orqali Fargʻona politexnika instituti Oʻzbekiston OTMlari orasida Toshkent davlat agrar universitetidan keyingi 2-30 oraliqda tasniflangani yuragimizni shodlikka toʻldirdi hamda sohadagi ishlarimizga yanada masʼuliyat bilan yondoshishga undadi.

    Ayniqsa, 380 dan ortiq dasturiy mahsulotlarni roʻyxatdan oʻtkazgani uchun FarPI oilasi Butunjahon intellektual mulk tashkiloti tomonidan “Ijodkorligi uchun” oltin medali bilan taqdirlanishi ham bugungi kunda institutda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligi isboti desam, oʻylaymanki, fikrim xato boʻlmaydi.

    Bugun taʼlim sohasiga davlat darajasida eʼtibor berilayotgan ekan, asosiy maqsadimiz, yurt taqdiriga daxldor, Vatan kelajagi uchun munosib hissa qoʻshadigan fidoiy kadrlar, buyuk allomalarning izdoshlari, qalbi yoniq, shijoatli yoshlarni tarbiyalashdan iborat boʻlmogʻi zarur. Bu yoʻlda neki mashaqqat boʻlsada chekmoqlik hamda zamonga hamnafas boʻlmoqlik yoʻlidagi ezgu ishlarimiz kelgusida ulkan natija berishiga ishonamiz.

    Mirzohid Botirov,

    Fargʻona politexnika institutining

    birinchi prorektori