Bloger Abduqodir Moʻminov ishi boʻyicha rasmiy maʼlumot berildi

    Xavfsizlik 8 Fevral 2023 1428

    U Jizzax viloyatidagi tashkilot rahbaridan 70.000 AQSH dollari soʻragan.

    Toshkent shahar IIBBga fuqaro E.Z. ariza bilan murojaat qilib, blogerlik bilan shugʻullanuvchi Abduqodir Moʻminov ismli shaxsning harakatlariga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻragan. Murojaat asosida oʻtkazilgan tekshiruv jarayonida quyidagilar aniqlangan.

    A.Moʻminov 2021-yilning oktyabr oyida tanqidiy videolavhalar tayyorlash va ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish orqali fuqaro E.Z.ning ukasi D.Yu.ning nomiga rasmiylashtirilgan MCHJ bilan bogʻliq holat yuzasidan Sirdaryo viloyati IIB Tergov boʻlimi ish yurituvidagi jinoyat ishini ijobiy hal etishga IIB xodimlarini goʻyoki majbur qila olishini aytib, shu orqali E.Z.ning ishonchiga kirib, oʻzining xizmatlari uchun jami 10.000 (oʻn ming) AQSH dollarini soʻrab, shundan 3.800 (uch ming) AQSH dollarini oldindan olgan. Lekin u bergan vaʼdasini bajarmay, olgan pullarni oʻz ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.

    Bundan tashqari, 2021-yilning oktyabr oyida A.Moʻminov Jizzax viloyatida fuqaro A.T. bilan uchrashib, uning rahbarligi ostidagi tashkilot toʻgʻrisida salbiy yoʻsinda videolavha tayyorlaganini, ushbu materialni oʻzining “Koʻzgu” nomli ijtimoiy tarmoq sahifasi orqali tarqatadigan boʻlsa, tashkilot rahbariyatiga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoqqa olinishini aytib, A.T.ni oʻz mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib, A.T.dan ushbu maʼlumotlarni sir saqlashi uchun 70.000 AQSH dollari soʻragan.

    Fuqaro A.T. oʻz koʻrsatuvlarining tasdigʻi sifatida A.Moʻminov bilan oʻrtasidagi soʻzlashuvlar audio yozuvini taqdim etgan va unga nisbatan qonuniy chora koʻrishlikni soʻragan.

    Mazkur holatlar yuzasidan A.Muminovga nisbatan Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”), 165-moddasi (“Tovlamachilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. A.Muminov protsessual tartibda ushlangan.

    Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Toshkent shahar IIBB Axborot xizmati