Bloomberg: jahonning yirik elektr tarmoqlari ogʻir holatda ishlamoqda

    Energetika 10 Iyul 2021 1045

    Bloombergʻning xabar berishicha, shu kunlarda havo haroratining keskin isib ketishi natijasida Yevropada elektr energiyasi narxi eng yuqori qiymatlargacha koʻtarildi. Qurgʻoqchilik Braziliyadan Tayvangacha boʻlgan suv omborlarini boʻshatib qoʻymoqda.

    Shuningdek, havo haroratining keskin isib ketishi – AQSHning gʻarbiy shaharlaridan Xitoyning sanoat markazlarigacha boʻlgan hududlarda elektr energiyasining uzilishlariga olib kelmoqda.

    Issiq harorat va qurgʻoqchilik, pandemiyadan keyingi energiyaga boʻlgan talabning oʻsishi, qazilma yoqilgʻilari narxining ortishi, qayta tiklanuvchi energiya manbalariga jadal oʻtish (rejasiz oʻtish) jahon elektr energiyasida yirik muammolarni keltirib chiqarmoqda.

    Qayd etilishicha, dunyoning koʻplab tadbirkorlari va xonadonlari uchun elektr energiyasi narxlarining yuqori darajada ortishi natijasida ushbu mavsum ogʻir davom etadigan mavsum boʻlib hisoblanadi. Yuqori haroratli kunlarda konditsionerlardan maksimal darajada foydalanish sababli elektr energiyasiga boʻlgan talabni keskin oshirgan.

    Texas shtati tarmoq operatori isteʼmolchilardan issiq ob-havo sharoiti sabab elektr energiyasidan foydalanishni kamaytirishni soʻragan.