BMT: 2023-yil tarixdagi eng issiq yil bo'ldi

    2023-yil tarixdagi eng issiq yil bo'ldi. Bu haqda BMTning ixtisoslashgan tashkiloti – Butunjahon meteorologiya tashkilotining Yer iqlimi holati bo'yicha yillik hisobotida ma'lum qilingan.

    “Butunjahon meteorologiya tashkiloti hisoboti 2023-yil rekord darajadagi eng issiq yil ekanligini tasdiqladi. O'rtacha Yer sirti harorati sanoatdan oldingi ko'rsatkichlardan Selsiy bo'yicha 1,45 daraja yuqori bo'lgan, deb ta'kidladi tashkilot. – Bu rekord o'n yillikdagi eng issiq davr bo'ldi”.

    Hisobotda aytilishicha, 2023-yilning iyunidan dekabrigacha bo'lgan har bir oy “tegishli oy uchun rekord darajada issiq bo'lgan”, iyul, avgust va sentabr oylarida rekordlarda katta tafovut yuzaga kelgan, deb xabar beradi report.az.

    “Global haroratning uzoq muddatli ko'tarilishi atmosferada issiqxona gazlari kontsentratsiyasining ortishi bilan bog'liq”, deb xabar berdi mazkur tashkilot. 2023-yilda Antarktikadagi dengiz muzining darajasi “eng past ko'rsatkich bo'ldi, uning qishning oxirigacha bo'lgan maksimal hajmi avvalgi rekord yilga nisbatan 1 million kvadrat kilometrga kam”.

    “Biz iqlim o'zgarishi bo'yicha Parij kelishuvida belgilangan Selsiy bo'yicha 1,5 daraja past harorat chegarasiga vaqtincha bo'lsa ham yaqinroq kela olmayapmiz”, dedi Butunjahon meteorologiya tashkiloti Bosh kotibi Andreya Seleste Saulo. “Butunjahon meteorologiya tashkiloti hamjamiyati dunyoga qizil ogohlantirish yubormoqda”.

    “Iqlim o'zgarishi nafaqat haroratning oshishi bilan bog'liq. 2023-yilda biz ko'rgan narsa – okeanlarning misli ko'rilmagan isishi, muzliklarning chekinishi va Antarktika dengiz muzlarining yo'qolishi – ayniqsa tashvishlidir”, dedi u.