Bu boradagi epidemiologik vaziyat ayniqsa, Afrikada yomon. Xususan, Malavi davlatida oʻtgan yildan beri vabo qurbonlari soni 1000 nafarga yetdi. 30621 kishiga esa ushbu xavfli xastalik tashxisi qoʻyilgan. JSST ekspertlarining tan olishicha, respublikada vabo epidemiyasi 20 yildan ortiq davom etmoqda. Biroq haligacha bunday antirekord koʻrsatkich qayd etilmagan edi.

Ayni paytda eng koʻp oʻlim holatlari mamlakatning ikki yirik shahri — Lilongve va Blantirda kuzatilmoqda. Shu tufayli taʼlim muassasalari faoliyati vaqtincha toʻxtatilgan, jamoat joylari, turarjoy mavzelari va savdo-sotiq majmualarida erkin harakatlanish cheklangan.

Qolaversa, oʻtgan yil noyabr oyida Malavi aholisi oʻrtasida ommaviy emlash kampaniyasini kuchaytirish uchun BMT tomonidan qariyb 3 million doza vaboga qarshi vaksinalar yetkazib berilgan va ular maqsadli ishlatilgan. Shunga qaramay, hozir mamlakatda kasallanishlar soni oʻsishda davom etmoqda.