Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) Qoraqalpog'iston qishloq aholisining bilim va ko'nikmalarini oshirish maqsadida bir qator treninglarni davom ettirmoqda. O'quv mashg'ulotlari Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik Jamg'armasi va FAOning Orolbo'yi mintaqasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarining iqtisodiy muammolarini hal etish va oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan qo'shma loyihasi doirasida tashkil etilmoqda. Qo'shma loyiha BMT shafeligidagi Orolbo'yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo'yicha ko'p tomonlama sheriklik asosida trast fondi tomonidan moliyalashtiriladi.

2021-yilning 7-fevralidan 11-fevraliga qadar Qoraqalpog'istonning Mo'ynoq tumanida chorvachilik va bog'dorchilikni rivojlantirish, qishloq xo'jaligida suv tejovchi texnologiyalardan foydalanish kabi mavzularda 5 ta trening o'tkazilmoqda. O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi tadbirlarni o'tkazishda milliy hamkor hisoblanadi. O'quv mashg'ulotlarida Orolbo'yi mintaqasining 120 dan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillari, asosan, ayollar va yoshlar ishtirok etyapti.

— Xotin-qizlarni qo'llab-quvvatlash va yoshlarni qishloq xo'jaligiga jalb etish agrosanoat majmuasini yanada jadal rivojlantirish, ishlab chiqarish barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi. Treninglarda ishtirokchilar qishloq xo'jaligidagi innovatsiyalar, sohadagi o'zgarishlar hamda ushbu soha yaxshi daromad manbai bo'lishi mumkinligini anglab etmoqda, — deydi O'zbekiston “Agrar soha ayollari” uyushmasi rahbari Adiba Ahmedjanova.

O'quv mashg'ulotlarida qishloq aholisi degradatsiyaga uchragan yer maydonlaridan samarali foydalanish, mineral va organik o'g'itlardan to'g'ri foydalanish, bog' barpo etishning agrotexnologiyalari haqida ko'plab ma'lumotlarga ega bo'ldi. Shuningdek, chorva hayvonlari kasalliklarining oldini olish, samarali ozuqa ratsionini yaratish, shaxsiy yordamchi xo'jaliklarda tomchilatib sug'orish texnologiyasini joriy etish va suv resurslaridan oqilona foydalanish masalalari ko'rib chiqildi. O'tkazilgan tadbirlarda ishtirokchilar faol qatnashdilar va ko'plab savollar berdilar, o'z fikr-mulohazalari bilan o'rtoqlashdilar. Bularning barchasi yuqori motivatsiya, o'zini-o'zi rivojlantirish va sohani rivojlantirish istagini ko'rsatadi.

Eslatib o'tamiz, yuqorida qayd etilgan qo'shma loyiha doirasida Qoraqalpog'istonning Bo'zatov tumanida ham shu kabi treninglar o'tkazilib, unda baliqchilik va qishloq xo'jaligida tuproqni himoya qiluvchi texnologiyalar mavzulari ko'rib chiqildi. Kelgusida ushbu mavzularning barchasi bo'yicha treninglar Qoraqalpog'istonning Qo'ng'irot tumanida ham o'tkaziladi. Bundan tashqari, loyiha doirasida fermer xo'jaliklari ko'chatzorlar va baliq boqish havzalarini yaratish uchun zarur uskuna va jihozlar bilan ham ta'minlanadi.