BMT: Kongo Demokratik Respublikasidagi janglar 6 millionga yaqin odamni uylarini tashlab ketishga majbur qildi

    Kongo Demokratik Respublikasi sharqidagi qurolli mojaroning kuchayishi “halokatli darajaga” yetdi va so'nggi ikki yil ichida qariyb 6 million kishi o'z uylarini tark etishga majbur bo'ldi.

    Bu haqda BMTning mazkur mamlakatdagi missiyasi press-relizida aytilgan.

    “Shimoliy Kivu, Janubiy Kivu va Ituri viloyatlarida ikki yildan buyon to'xtamayotgan to'qnashuvlar 5,7 million kishini o'z uylarini tashlab ketishga majbur bo'lishiga olib keldi”, deyiladi press-relizda. Masisi tumanida deyarli 300 000 kishi Goma shahri atrofidagi hududga qochib ketdi. Janglarda og'ir artilleriyadan foydalanishning kuchayishi ayniqsa tashvishlidir. Jami 25,4 million kishi yoki Kongo Demokratik Respublikasi aholisining to'rtdan bir qismi yordamga muhtoj.

    Mamlakat sharqidagi vaziyat so'nggi paytlarda juda yomonlashdi. BMTning Kongo Demokratik Respublikasidagi barqarorlashtirish missiyasi tinchlikparvar kontingenti qo'shinlari M23 guruhi (23-mart harakati) isyonchilarning hujumini qaytarishda hukumat armiyasiga yordam berish uchun o'z pozitsiyalarini mustahkamladi, deb xabar beradi report.az.