BMT o'z missiyasini Sudandan olib chiqib ketish jarayoni yakunlanganini e'lon qildi

    BMTning Sudandagi o'tish davrini qo'llab-quvvatlash missiyasi (UNITAMS) o'z qo'shinlarini mamlakatdan olib chiqishni yakunladi. Bu haqda BMT Bosh kotibining rasmiy vakili Stefan Dyujarrik tarqatgan bayonotda aytiladi.

    “UNITAMS 2024-yil 29-fevralda Sudandan qo'shinlarini olib chiqishni yakunladi. Bosh kotib barcha mahalliy va xalqaro UNITAMS xodimlariga missiya mandati davomida Sudan xalqiga fidokorona xizmatlari uchun chuqur minnatdorchilik bildiradi”, deyiladi jahon tashkiloti rahbari idorasi tomonidan jurnalistlar uchun e'lon qilingan bayonotda.

    Qayd etilishicha, 1-martdan boshlanadigan missiyani tugatish jarayonini nazorat qilish uchun kichik UNITAMS guruhi Port-Sudan shahrida qoladi.

    Shu bilan birga, BMT Bosh kotibi vakili jahon tashkiloti mamlakatga gumanitar yordam ko'rsatishda davom etishini va “Sudan xalqini tinch va xavfsiz kelajakka intilishini qo'llab-quvvatlashini” ta'kidladi.

    2023-yil dekabr oyida BMT Xavfsizlik Kengashi Sudan hukumatining noyabr oyida UNITAMS faoliyatini tugatish to'g'risidagi qaroridan so'ng Buyuk Britaniyaning UNITAMS faoliyatini to'xtatish to'g'risidagi rezolyutsiya loyihasini yoqlab ovoz berdi. Hukumat BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga yo'llagan maktubida jahon tashkilotining missiyasi mamlakatdagi vaziyatni faqat og'irlashtirgani va endi xalq va hokimiyatning orzu-umidlariga javob bermasligini ta'kidladi. Shu bilan birga, maktubda Sudan Vazirlar Mahkamasi mamlakat uchun ijobiy natijalar berishi mumkin bo'lgan yangi formulani ishlab chiqish bo'yicha BMT bilan konstruktiv hamkorlik qilishga tayyorligi qayd etilgan.

    Sudandagi vaziyat 2023-yilning aprelida armiya qo'mondoni, Suveren kengash raisi bo'lgan Abdel Fattoh al-Burxon va tezkor harakat kuchlari rahbari Muhammad Hamdan Dagalo o'rtasidagi kelishmovchiliklar tufayli keskinlashgan edi. Ular o'rtasidagi asosiy qarama-qarshiliklar yagona qurolli kuchlarni shakllantirish vaqti va usullari, shuningdek, armiyaning bosh qo'mondoni kim bo'lishi kerakligi bilan bog'liq. 15-aprel kuni Merovdagi harbiy baza yaqinida va poytaxtda ikki tuzilma o'rtasida to'qnashuvlar boshlangan. BMT ma'lumotlariga ko'ra, Sudanda mojarolar oqibatida 10 mingdan ortiq odam halok bo'lgan, deb xabar beradi report.az.