BMT: Oʻzbekiston oʻz fuqarolarini urush hududlaridan qaytarish boʻyicha tizimli ishlar olib bormoqda

    Oʻzbekiston tomonidan xorijiy terrorchi jangarilarning harakatlaridan jabr koʻrgan ayollar va bolalar huquqlarini taʼminlash borasida olib borilayotgan saʼy-harakatlar haqidagi maʼlumot BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida eʼlon qilindi.

    Hujjat BMTning barcha rasmiy (arab, xitoy, ingliz, fransuz, rus va ispan) tillarida chop etildi, aʼzo davlatlarga tarqatildi hamda tashkilotning rasmiy hujjatlashtirish tizimiga joylashtirildi.

    Unda taʼkidlanishicha, xorijiy terrorchi jangchilarning harakatlaridan jabr koʻrgan ayollar va bolalarni repatriatsiya, reabilitatsiya va reintegratsiya qilish inson huquqlarini milliy, mintaqaviy va xalqaro darajalarda taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

    Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston 2019-yildan buyon Yaqin Sharq va Afgʻonistondagi qurolli toʻqnashuvlar hududlaridan oʻz fuqarolarini qaytarish boʻyicha beshta maxsus operatsiyani amalga oshirdi.

    Natijada Iroq, Suriya va Afgʻonistondan 435 nafar Oʻzbekiston fuqarosi, asosan, ayollar va bolalar Vatanga qaytarildi. Mamlakat hukumati BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda ona yurtini yanglish tark etib, ogʻir hayot davrini boshidan kechirganlarning barchasiga har tomonlama tibbiy, psixologik, moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatayotgani maʼlum qilingan.

    Repatriantlarning tinch hayotga qaytishi va jamiyatga qayta integratsiyalashuvi, taʼlim va boshqa ijtimoiy dasturlarga jalb qilinishi, jumladan, uy-joy va ish bilan taʼminlanishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilganiga eʼtibor qaratilgan.

    Bundan tashqari, ularga mutaxassislar tomonidan tibbiy, psixologik va ijtimoiy yordam koʻrsatilib, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni roʻyxatga olish, bolalar bogʻchalari va maktablarga joylashtirish masalalari hal etilmoqda. Mahalliy hokimiyat idoralari ularning tinch hayotga qaytishi va jamiyatda toʻla moslashishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib bermoqda.

    BMT materialida qayd etilishicha, Oʻzbekiston mazkur xalqaro tashkilotga aʼzo har bir davlat oʻz fuqarolarining taqdiri uchun masʼuldir, deb hisoblagan holda, oʻz fuqarolarini, avvalo, ayollar va bolalarni mojaroli zonalardan qaytarish boʻyicha tizimli ish olib bormoqda, deb xabar beradi “Dunyo” AA.