“Tinchlik va xavfsizlik yoʻlida betaraf doʻstlar guruhi” faoliyati guruhga aʼzo davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli aloqalar, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish masalalarida BMT doirasida faol ishtirok etish kabi doʻstona munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan.
Guruhning asosiy maqsadi betaraflik siyosati tajribasidan kelib chiqqan holda mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlik hamda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, tinchlikni taʼminlash boʻyicha betaraflik va preventiv diplomatiya tamoyillarini qoʻllash hamda barqaror rivojlanishni taʼminlashdan iboratdir.
BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy preventiv diplomatiya markazi rahbari, Jenevadagi xavfsizlik siyosati markazi direktori, YEXHT sobiq bosh kotibi uchrashuv ishtirokchilariga murojaat yoʻlladi.
Tadbirda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning, shuningdek, boshqa Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli 2017-yildan buyon mintaqada misli koʻrilmagan darajada ochiqlik siyosati kuzatilayotgani, bu koʻp jihatdan doimiy Maslahat uchrashuvlari oʻtkazilishiga xizmat qilayotgani alohida taʼkidlandi. Ushbu formatdagi navbatdagi uchrashuv joriy yil 6-avgustda Turkmanistonda tashkil etiladi.
Shuningdek, mintaqadagi epidemiologiya vaziyati yomonlashganiga qaramasdan, Markaziy Osiyo davlatlari nafaqat koronavirus oqibatlarini sezilarli darajada yumshatish, balki gumanitar yordam almashish, vaqtincha boʻlib turgan fuqarolarga yordam koʻrsatish, tovarlar tranziti boʻyicha yaqin aloqalarni yoʻlga qoʻygani ham qayd etildi.
Tadbirda Oʻzbekiston diplomatlari tomonidan zamonaviy dunyoda koʻppartiyaviylik, profilaktika choralari, xalqlar oʻrtasidagi tinchlik va ishonchni mustahkamlash borasidagi muhim ahamiyatga ega boʻlgan tashabbuslar toʻla qoʻllab-quvvatlanishi taʼkidlandi.
Shuningdek, uchrashuv ishtirokchilari 15-16-iyul kunlari Toshkentda oʻtkazilgan yuqori darajadagi “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyaning asosiy natijalari bilan ham atroflicha tanishtirildi.