BMT Taraqqiyot dasturi Oʻzbekistondagi loyihalarini faol davom ettiradi

    Xalqaro hamkorlik 22 Iyun 2023 1449

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva diplomatik missiyasi yakunlanayotgan BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan uchrashdi.

    Muloqot chogʻida dolzarb masalalar yuzasidan ikki tomonlama hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijalari haqida fikr almashildi.

    Maʼlumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) Oʻzbekistonning eng muhim xalqaro hamkorlaridan biridir. Ushbu nufuzli tashkilot mamlakatimiz mustaqillikka erishgan paytdan boshlab qoʻllab-quvvatlagan va koʻplab yoʻnalishlarda biz bilan hamkorlik qilib keladi.

    Oʻzbekiston BMTning qator tarkibiy tuzilmalari, xususan, Taraqqiyot dasturi bilan doimiy hamkorlikda koʻplab loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirdi va bu jarayon uzluksiz davom etyapti. Xususan kichik va oʻrta biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda hukumatni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha faoliyat olib borayotgani xalqimiz manfaatiga xizmat qilyapti.

    Senat Raisi Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasidagi aloqalar yanada mustahkamlanib, mintaqaviy darajadagi hamkorlik kengaygani, koʻplab konseptual loyihalar amalga oshirilgani, muhim qarorlar qabul qilinganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Xususan, M.Dimovskaning Oʻzbekiston va BMT oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qoʻshgan shaxsiy hissasiga toʻxtalib, uning bevosita koʻmagida mamlakatimizning barcha hududlarida bir qator yirik tadbirlar va loyihalar amalga oshirilganini, ekologiya, qishloqlarni rivojlantirish, BRMga erishish, gender tengligi va inklyuziv siyosat kabi qator sohalarda sezilarli yutuqlarga erishilganini qayd etdi.

    Oʻz navbatida, Matilda Dimovska Oʻzbekiston tobora rivojlanib borayotgani, ayrim mamlakatlarda iqtisodiy stagnatsiya yuz berayotgan bir sharoitda Oʻzbekistonda oʻsish kuzatilayotgani, inson kamoloti (taraqqiyoti) indeksi reytingida yuqori pogʻonalarga koʻtarilib borayotganiga toʻxtalib oʻtdi. M. Dimovska BMTTD va Oʻzbekiston hamkorligi bundan keyin ham izchil davom ettirilishi, birgalikdagi loyihalarning koʻlami kengayib borishini maʼlum qildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.