BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili bilan uchrashuv o‘tkazildi

    Joriy yil 10-dekabrda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Taraqqiyot dasturining (BMTTD) Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fudzii xonim bilan uchrashdi.

    Uchrashuvda Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli va izchil islohotlar, ayniqsa ayollarni qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash hamda ijtimoiy sohalardagi yutuqlar muhokama etildi.

    Amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimiz Davlat bojxona qoʻmitasi gender standartlar joriy etilgani va “Kumush gender mukofoti”ga sazovor boʻlgani qayd etildi.

    Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida Prezident olib borayotgan siyosatning samaradorligi eʼtirof etilib, davlat xizmatchilarini tayyorlash va shaffoflikni oshirish, shuningdek, mahalliy organlarda hisobdorlikni kuchaytirish boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan fikr almashildi.

    Suhbat yakunida hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida hududlarda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning jamiyatda ishtirokini faollashtirish boʻyicha dasturlarni amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.