BMT: Urush G'azoda rivojlanishni 70 yil orqaga surdi

    Isroilning tajovuzkorligi G'azo sektorining rivojlanishi deyarli 70 yil orqaga surilishiga olib keldi.

    Bu haqda BMTning Taraqqiyot dasturi va BMTning G'arbiy Osiyo bo'yicha Iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasining “G'azo urushi: Falastin davlati uchun kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlar” nomli hisobotida aytiladi.

    “G'azo 70 yil oldingi, 1955-yildagi rivojlanish darajasiga qaytdi”, dedi BMT Taraqqiyot dasturining Falastin aholisiga yordam ko'rsatish dasturi maxsus vakili o'rinbosari Titose Noguchi Jenevada bo'lib o'tgan brifingda.

    Hisobotga ko'ra, o'tgan yil davomida eksklavda qashshoqlik darajasi keskin oshgan. G'azodagi har to'rt kishidan uch nafari qashshoqlikda yashaydi.

    Qayd etilishicha, 2023-yil 7-oktabrdan boshlab G'azoda yaqin tarixdagi eng yirik gumanitar ofatlardan biri ro'y bermoqda. Mavjud vaziyat misli ko'rilmagan ko'p qurbonlar, vayronagarchiliklar, oziq-ovqat tanqisligi va ommaviy ko'chishlarga olib keldi.

    Isroilning G'azo sektoriga insonparvarlik yordami sifatida yetkazilayotgan zaruriy vositalarni tarqatish masalasidagi qat'iy cheklovlari inqirozni yanada kuchaytirdi.

    BMT sodir bo'layotgan voqealar barcha falastinliklarning kelajagi uchun xavf tug'dirishidan ogohlantirdi, deb xabar beradi aa.com.tr.