Uchrashuvda Oʻzbekiston va BMTning Narkotik va Jinoyat masalalari boʻyicha idorasi oʻrtasidagi hamkorlik, ayniqsa, noqonuniy narkotik aylanmasi, uyushgan transmilliy jinoyatchilik, odam savdosi va terrorizmga qarshi kurash yangi bosqichga koʻtarilgani aytib oʻtildi.
Shuningdek, mintaqada inson huquqlari ustuvorligini va gender tenglikni taʼminlash, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, korrupsiya va odam savdosiga qarshi kurashishda parlamentning tutgan oʻrni atroflicha muhokama qilindi.
Shu bilan birga muloqotda Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi keskin kurashish choralarining qonuniy asoslari yaratilgani, bu esa xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani alohida qayd etildi.
Odam savdosi, majburiy mehnat va xorijda mehnat qilayotgan migrantlar muammolarini hal etishda mamlakat ijobiy natijalarga erishgani alohida taʼkidlab oʻtildi. Bu borada Oʻzbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi oʻrni yaxshilangani qayd etildi. Kelgusida ham ana shunday ijobiy natijalarga erishish uchun tashkilot bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish boʻyicha hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.