BMTda Oʻzbekiston mustaqilligining 29 yilligi virtual nishonlandi

    Xalqaro hamkorlik 15 Sentabr 2020 1692

    Mamlakatimizning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan virtual tantanali tadbir tashkil etildi.

    BMT, uning ixtisoslashtirilgan muassasalarining 180 nafarga yaqin rahbar va ekspertlari, shuningdek, xorijiy davlatlar elchilari qatnashgan onlayn-tadbirda BMT Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi raisi Tijani Muhammad-Bande, BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha yordamchisi Miroslav Yencha, BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer va boshqa diplomatlar soʻzga chiqdi.

    Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov oʻz videomurojaatida mamlakatimiz taraqqiyotning sifat jihatidan yangi bosqichiga qatʼiy qadam qoʻyganini qayd etdi.

    Taʼkidlanganidek, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquqlari va erkinliklari himoyasini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash jarayonida davlatning yangi, demokratik qiyofasi yaratilmoqda. 2017 – 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻliq mos keladi.

    Oʻzbekistonning qoʻshni mamlakatlar bilan doʻstona va ishonchli aloqalari jadal kengayayotgani va mustahkamlanayotgani, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bilan koʻp qirrali muloqot va hamkorlik, BMT, YEXHT, SHHT, MDH va boshqa xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar doirasidagi serqirra faoliyat izchil rivojlantirilayotgani qayd etildi.

    Oʻzbekiston birinchi marta 2021-2023-yillar davomida BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga oʻz nomzodini taqdim etgani taʼkidlandi va yaqinlashib kelayotgan saylovlarda chet ellik sheriklar mamlakatimizni keng qoʻllab-quvvatlashiga umid bildirildi.

    BMT Bosh Assambleyaning 74-sessiyasi raisi Tijani Muhammad-Bande mamlakatimiz rahbariyati va xalqiga mustaqillikning 29 yilligi munosabati bilan samimiy tabrik izhor qildi.

    U BMT va Oʻzbekiston oʻrtasida global tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash yoʻlidagi yaqin hamkorlikni yuqori baholadi. Mamlakatimizning Markaziy Osiyo va undan tashqarida barqarorlik hamda taraqqiyotni taʼminlashda ishonchli sherik sifatidagi muhim rolini taʼkidladi.

    BMT Bosh Assambleyasi raisi Oʻzbekiston rahbariyatining nafaqat mamlakat ichida aholi farovonligini oshirish, balki butun Markaziy Osiyo boʻylab ushbu maqsadlarni faol targʻib qilish borasidagi saʼy-harakatlarini olqishladi. U BMT bilan Oʻzbekiston oʻrtasida, xususan, Bosh Assambleya doirasidagi doimiy konstruktiv hamkorlikka umid bildirdi.

    - Oʻzbekiston soʻnggi yillarda izchil islohotlar yoʻlidagi qatʼiyati va tashqi dunyoga ochiqligi bilan izchil rivoj topdi, — dedi BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha yordamchisi Miroslav Yencha. — Bu Markaziy Osiyo mintaqasiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Toshkentning muhim roli tufayli mintaqada yuqori darajadagi ishonch ruhi hukmronlik qilmoqda. Markaziy Osiyoning beshta davlati oʻrtasidagi hamkorlik sezilarli darajada kengayib, unda Afgʻoniston ham qamrab olindi.

    Miroslav Yencha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohot va oʻzgarishlarni, xususan, yoshlar va xotin-qizlar imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini taʼminlash, Yoshlar huquqlari toʻgʻrisidagi xalqaro konvensiyani ishlab chiqish va qarorlar qabul qilishda yoshlar ishtirokini ragʻbatlantirish, xorijdagi jangarilar safiga qoʻshilib qolganlarning oilalarini Vatanga qaytarish, ularni jamiyatda moslashuvini taʼminlash boʻyicha erishilgan ulkan natijalarni mamnuniyat bilan qayd etdi. Uning taʼkidlashicha, hozirgi kunda mintaqadagi boshqa davlatlar tomonidan ham shunday harakatlar amalga oshirila boshlandi.

    BMT Bosh kotibi yordamchisi Oʻzbekiston bugungi sinovli jarayonlar, xususan, pandemiya sharoitida ham “islohotlar yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qatʼiyat bilan davom ettirishi va “Uchinchi Rennesans” sari olgʻa intilishi”ga ishonch bildirdi.

    BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer tashkilotning mamlakatimizdagi jamoasi nomidan Mustaqillik bayrami munosabati kuni samimiy qutlov izhor qildi.

    U respublikaning koʻp qirrali hamkorlikka sodiqligini taʼkidladi. Oʻzbekiston bilan BMT oʻrtasida barcha darajadagi muloqotning faol davom etayotgani ushbu fikrga yorqin misoldir. H.Freyzer mamlakatimiz rahbariyatiga COVID-19ga qarshi kurashish va inqirozdan keyingi tiklanishda sogʻliqni saqlash va ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishda izchil chora-tadbirlar koʻrishdagi sheriklik uchun minnatdorlik bildirdi. Bu esa insonlar manfaatiga yoʻnaltirilgan faol, aniq manzilli chora-tadbirlar koʻrish, barqaror, ekologik va inklyuziv tiklanishni taʼminlash uchun qulay muhit yaratdi.

    BMTning Oʻzbekistondagi doimiy vakili soʻnggi yillarda gender tengligiga erishish, oiladagi zoʻravonlik, balogʻat yoshiga yetmaganlar nikohi va odam savdosiga qarshi kurashish, nogironlar huquqlarini taʼminlash masalalariga qaratilgan qonunlar qabul qilinishini yuqori baholadi. Oʻzbekistonning asosiy mehnat huquqlarini hurmat qilish, majburiy mehnatning oldini olish va paxta yigʻim-terimida bolalar mehnatidan foydalanishga chek qoʻyishda sezilarli yutuqlarga erishganini taʼkidladi.

    Tadbir doirasida Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Afgʻoniston, Bahrayn, Benin, Buyuk Britaniya, Vengriya, Misr, Iordaniya, Eron, Qatar, Xitoy, Latviya, Moʻgʻuliston, Oʻmon, Pokiston, Paragvay, Senegal, Turkiya, Ekvatorial Gvineya kabi 20 dan ortiq davlat vakillari va boshqalar bayram munosabati bilan tabrik yoʻlladi.

    Ular soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilgan islohot va oʻzgarishlar, inson huquqlari va erkinliklari, qonun ustuvorligini taʼminlashda erishilgan muhim yutuqlar hamda taraqqiyotni yuqori baholadi. Shuningdek, Oʻzbekistonning BMT doirasida tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot sohasidagi faolligi ortib borayotganini olqishladi. Toshkent tomonidan olib borilayotgan konstruktiv va ochiq tashqi siyosat mintaqada oʻzaro manfaatli va ishonchli munosabatlarni mustahkamlashga hissa qoʻshayotgani alohida qayd etildi. Delegatsiyalar BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashiga Oʻzbekiston nomzodini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.

    Bayram ishtirokchilariga Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan Oʻzbekiston haqidagi videofilm namoyish etildi.

    “Oʻzbekkonsert” koʻmagi bilan “Yalla” ansambli va “Toshkent zebolari” raqs guruhining “Turkiston” sanʼat saroyidagi bayram dasturi jonli efirda namoyish etildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.