BMTni Afg'onistondagi vaziyat xavotirga solmoqda

    Dolzarb 20 May 2020 1283

    Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma'lumotlariga ko'ra, Afg'onistonda aprel` oyida 380 nafar tinch aholi qurolli hujumlar qurboniga aylandi. Bu hujumlar sabab xalqaro inson huquqlarining «keskin yomonlashishi» BMTni xavotirga solmoqda.

    BMTning Afg'onistondagi yordam missiyasining xabar berishicha, 2020 yilning aprel` oyida Tolibonning hujumlarida qurbon bo'lganlarning soni o'tgan yilning shu davriga nisbatan 25 foizga, (2019 yil aprelda 208 nafar tinch aholi halok bo'lgan), Afg'on xavfsizlik kuchlaridan qurbon bo'lganlar soni 38 foizga ko'paydi.

    «Men janglarni to'xtatishga va tomonlarni tinch aholini himoya qilish uchun insonparvarlik qonunlariga rioya qilishga chaqiraman», dedi BMT Bosh kotibining Afg'oniston bo'yicha maxsus vakili Dobira Liyons.

    SHu yilning 29 fevral` kuni AQSH va Tolibon kelishuvga erishgandi. Unga ko'ra, Tolibon mamlakatda hujumlar bo'lmasligiga kafolat berishi, buning evaziga AQSH o'z harbiy kuchlarni olib chiqib ketishi kerak edi.

    Ammo,shu bitimdan keyin ham Afg'onistondagi harbiy harakatlar davom etib kelmoqda. Tolibon Afg'oniston hukumatining bir necha bor urushni to'xtatish bo'yicha qilgan talablarini rad etgan.

    Afg'oniston hukumati 12 mayda Kobuldagi kasalxonaga qilingan hujumdan so'ng, Tolibonga nisbatan “himoya pozitsiyasidan hujum pozitsiyasiga” o'tganini e'lon qildi. Ammo, Tolibon bu hujumga aloqador emasligini ta'kidlagan.