Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti hamkorligida va YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko‘magida tashkil etildi.
Bangkok qoidalari, ya'ni rasman «BMTning Mahbus ayollar uchun ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo choralarini qo‘llashga taalluqli qoidalari» deb nomlangan xalqaro-huquqiy hujjat BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2010-yilda qabul qilingan. Ushbu qoidalar jinoiy odil sudlovga gender jihatidan nozik yondashuvni va mahkuma ayollarning o‘ziga xos ehtiyojlari va huquqlari hisobga olinishini ta'minlash yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.
Ishtirokchilar Bangkok qoidalarining asosiy talablarini chuqur o‘rganib, ushbu qoidalarni amalda samarali qo‘llash bo‘yicha ko‘nikma va bilimlarini oshiryapti. Shu bilan birga, mahkuma ayollar uchun xavfsiz va qulay muhit yaratish bo‘yicha ilg‘or tajriba va usullar muhokama etilyapti. Umuman olganda, uch kunlik o‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarning qamoqxonalardagi xotin-qizlar huquqlari va ehtiyojlari borasidagi xabardorligini oshirishga alohida e'tibor qaratiladi.
Treningda Jizzax, Samarqand, Sirdaryo va Toshkent viloyatlari jazoni ijro etish tizimining 28 nafari xodimi ishtirok etyapti. Shuningdek, mashg‘ulotlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy ijtimoiy himoya agentligining Sirdaryo viloyati Xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish markazi vakillari qatnashyapti.
Tinglovchilar Bangkok qoidalari asosida o‘z nazariy bilimlarini oshirdi. Ayni vaqtda voyaga yetmaganlar va ayollarni qamoqda saqlash bo‘yicha xalqaro tajribaga oid amaliy ko‘nikmalarni egallayaptilar.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov tadbirni ochib berar ekan, mamlakatimizda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim jihatlari haqida muxtasar ma’lumot berdi. Xususan, yurtimiz hayotining barcha sohalariga taalluqli qamrovdor yangilanishlar nafaqat qiynoq holatlariga butunlay barham berish bo‘yicha chora-tadbirlarning samaradorligiga, balki o‘zining inson huquqlari sohasidagi majburiyatlariga qat’iy sodiq bo‘lgan O‘zbekistonning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishga ham xizmat qilishi ta’kidlandi.
A.Saidov o‘z taqdimotida fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishi hamda ushbu huquqlarning himoya qilinishini ta’minlash bo‘yicha yaratilgan qonunchilik, institutsional, ta’lim va monitoring asoslari, insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga rioya etilishi ustidan o‘rnatilgan nazorat tizimining mohiyati hamda ahamiyati haqida gapirdi.
Trening ochilishida yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisining loyihalar bo‘yicha katta xodimi Endryu Yurkovskiy, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti podpolkovnigi Burxonxo‘ja Akromov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o‘rinbosari Dilnoza Muratova ham ishtirok etdi.
Bolalar Ombudsmani Surayyo Rahmonova Bolalar huquqlari bo‘yicha vakilning yopiq muassasalarda va ozodlikdan mahrum qilish joylarida bolalar huquqlarini himoya qilishni ta’minlashga doir faoliyati to‘g‘risida ma’lumot berdi. O‘z navbatida, «Barqaror Hayot» markazi direktori Oliya Ilmurodova jazoni ijro etish muassasalarida reabilitatsiya dasturlarini amalga oshirishda fuqarolik jamiyatining o‘rni, jazoni o‘tagan shaxslarni ozodlikka chiqqanlaridan keyingi davrda qo‘llab-quvvatlash masalalari xususida so‘z yuritdi.
Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ozodlikdan mahrum qilish joylarida salomatlik va gigienaga bo‘lgan huquqlarni ta’minlash, qamoqxona xodimlarining genderga xos yondashuvlarni targ‘ib qilishdagi o‘rni, shuningdek, alohida toifadagi ayollar va qizlarni o‘rganish, jazoni o‘tagan xotin-qizlarni reabilitatsiya qilish masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Trening yeXHTning O‘zbekistondagi Muvofiqlashtiruvchisi e’lon qilgan «O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish milliy tizimini barqaror rivojlantirishga ko‘maklashish» loyihasi doirasida tashkil etildi.
Uch kunlik trening yakunida tinglovchilarga tegishli sertifikatlar topshiriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati.