BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi bilan hamkorlik kengaytiriladi

    Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.

    Unda Oʻzbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari, shu jumladan Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi oʻrtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqboldagi rejalari koʻrib chiqildi.

    Muloqot chogʻida mintaqa davlatlari oʻrtasida yaqin qoʻshnichilik aloqalari, iqtisodiy oʻsish, tinchlik va barqarorlikni taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni izchil davom ettirish yuzasidan fikr almashildi.

    Shu bilan birga muloqot chogʻida gender tenglikni taʼminlash hamda yoshlar salohiyatini roʻyobga chiqarish, shu jumladan taʼlim bilan bogʻliq masalalarga ham alohida eʼtibor qaratildi.

    Bu borada taʼsirchan parlament nazorati orqali hamkorlikda aniq manzilli dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishga kelishib olindi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.