Bu haqda «Dunyo" AA deb xabar bermoqda.
Syuy Dunyuy mamlakatimizga tashrifi chogʻida Toshkentda “Dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar oziq-ovqat xavfsizligi va barqaror rivojlanish maqsadlari” xalqaro forumida ishtirok etadi.
Mazkur xalqaro forum Oʻzbekiston hukumati va FAO hamkorligida tashkil etilayotgan boʻlib, asosiy maqsadi dunyoda dengizga chiqish imkoni boʻlmagan rivojlanayotgan davlatlar bilan oʻzaro tajriba almashish, iqlim oʻzgarishiga oid muammolarni muhokama qilish, yechimlar ishlab chiqish va oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatishdan iborat.
Ikki kun davomida boʻlib oʻtadigan forum turli yoʻnalishlarni oʻz ichiga oladi. Xususan, yuqori darajadagi qishloq xoʻjaligi vazirlari yigʻilishi, Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish masalalari, investitsiya imkoniyatlari, xususiy sektor bilan hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim oʻzgarishiga moslashish va innovatsiyalar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, tadbir doirasida investitsiya forumi oʻtkazilishi va istiqbolli loyihalar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan. Unda xalqaro tashkilot va xorijiy moliya institutlarining masʼul vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
FAO rahbari, shuningdek, oʻz tashrifi davomida bir qancha rasmiy uchrashuvlar oʻtkazishi va qator qishloq xoʻjaligi obyektlarini borib koʻradi.
FAO 1945-yilda tashkil etilgan boʻlib, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat xavfsizligi va ovqatlanish masalalarida Birlashgan Millatlar Tashkilotining ixtisoslashgan tuzilmasi hisoblanadi. Tashkilotga 194 ta davlat aʼzo boʻlib, qarorgohi Rim shahrida joylashgan.