Bobo oʻz nabirasini koʻchada kaltakladi

    Ijtimoiy tarmoqlarda yoshi katta erkak yosh bolani yuz va bosh qismlariga urayotgani boʻyicha video xabarlar tarqaldi va bu jamoatchilikning keskin eʼtirozlariga sabab boʻldi.

    Holat boʻyicha bolalar ombudsmani munosabat bildirdi.

    Qayd etilishicha, shu yilning 30-iyun kuni Toshkent shahri Mirzo-Ulugʻbek tumanida yashovchi nafaqadagi М.А. 2020-yilda tugʻilgan nabirasi А.А. (oʻgʻil bola)ni uzoqqa ketib qolgani uchun kaltakladi.

    Maʼlumotlarga qaraganda nafaqadagi М.А. nabirasi bilan sayr qilish uchun koʻchaga chiqqan vaqtida nabirasi А.А. yugurib uzoqqa ketib qolgan, bobosi esa nabirasidan xavotir olib, bolani qidirgan. Bir ozdan soʻng uyidan olisroq boʻlgan maktab oldida topib, jahl ustida nabirasini kaltakladi.

    Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar, bolaga yetkazilgan jarohatning darajasini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

    Holat boʻyicha qoʻshimcha axborot beriladi.