Bobur Bekmurodov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi, baronessa Alison Satti bilan uchrashdi

    Xalqaro hamkorlik 27 Oktabr 2021 1241

    “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov Buyuk Britaniya parlamenti Lordlar palatasi aʼzosi, baronessa Alison Satti hamda “Global Partners Governance” (GPG) dasturi rahbari Zafran Iqbol bilan uchrashdi.

    Maqsad — “Yuksalish” UMH faoliyati bilan tanishuv, parlamentlararo aloqalar rivojining tajribalari bilan almashinish va loyiha hamkorligidagi istiqbolli yoʻnalishlarni muhokama qilish.

    Harakat raisi Bobur Bekmurodov mehmonlarga tashkilot faoliyatining asosiy yoʻnalishlari, maqsad va vazifalari haqida maʼlumot berdi, siyosatni ishlab chiqish, qarorlar qabul qilishda Harakatning oʻrniga toʻxtalib oʻtdi.

    Loyihalar menejeri Shamshod Yunusov inson huquqlari, qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va hokazo yoʻnalishlarda Harakat tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida xalqaro hamkorlikni takomillashtirish borasidagi ishlar toʻgʻrisida soʻzlab berdi.

    Uchrashuvda tomonlar Oʻzbekistondagi yoshlar parlamenti tizimini takomillashtirish orqali parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirishga urgʻu berdi.

    Alison Satti Oʻzbekistonda yoshlarni qoʻllab-quvvatlashga, ularning salohiyatini oshirishga yuqori darajada eʼtibor qaratilayotganini eʼtirof etdi. Uning fikricha, yoshlar parlamentlarini rivojlantirish, oʻz navbatida, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshiradi, dunyoqarashini kengaytiradi, ular orasida siyosiy faollikka ragʻbatni kuchaytiradi. Bundan tashqari, normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqishda yoshlar fikrini inobatga olish, qabul qilinayotgan qonunlar dolzarbligini oshirish va ular haqida yoshlarni xabardor qilishga juda yaxshi imkoniyatdir.

    “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.