Bogʻcha va maktablarda gimnastika boʻyicha dasturlar joriy qilinadi

    Sport 26 Dekabr 2022 3322

    “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–449-son, 23.12.2022-y.) qabul qilindi

    Qaror bilan gimnastika sport turlarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi.

    Qarorga koʻra, 2023/2024 oʻquv yilidan:

    ▫️bogʻchalarda “Gimnastikaga ilk qadam” dasturi;

    ▫️maktablarda boshlangʻich sinf oʻquvchilariga moʻljallangan “Bolalar uchun gimnastika” dasturi joriy qilinadi.

    Nukus, Samarqand va Fargʻona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnika va oʻquv-mashq bazasiga ega boʻlgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlari tashkil etiladi.

    Mazkur Gimnastika markazlari yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan davlat sport-taʼlim muassasasi hisoblanib, oʻz faoliyatini 2024/2025 oʻquv yilidan boshlaydi.

    Gimnastika markazlari oʻquvchilarining umumiy kontingenti jami 132 nafarni tashkil etib, ular 1–11-sinf oʻquvchilaridan iborat boʻladi.

    Gimnastika markazlarining oʻquv dasturini oʻzlashtirgan va yakuniy davlat attestatsiyasidan oʻtgan 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi diplom beriladi.

    Mazkur diplom berilgan mutaxassislik (trener, trener-seleksioner) boʻyicha mehnat faoliyatini amalga oshirish mumkin boʻladi.

    Qarorga koʻra, 2023/2024 oʻquv yilidan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti va uning filiallarida gimnastika boʻyicha amaldagi oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari 2 baravarga oshiriladi.

    2023-yil 1-yanvardan anʼanaviy tarzda gimnastika sport turlari boʻyicha Oʻzbekistonda quyidagi musobaqalar oʻtkaziladi:

    gimnastrada sport turi boʻyicha xotin-qizlar oʻrtasida Prezident kubogi;

    badiiy gimnastika boʻyicha yoshlar oʻrtasida “Yorqin yulduzcha” va kattalar oʻrtasida “Grand Prix Uzbekistan” xalqaro turniri;

    sport gimnastikasi boʻyicha “Duxoba yoʻl” xalqaro turniri;

    trampolin boʻyicha “Samodan baland” xalqaro turniri;

    xalqaro gimnastika kuniga bagʻishlab oʻtkaziladigan “Gymnastics Day” butun Oʻzbekiston ommaviy forumi;

    umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Xalq taʼlimi vaziri kubogi”;

    gimnastika sport turlari boʻyicha Xalqaro gimnastika federatsiyasining tasdiqlangan norma va qoidalarida belgilangan yosh toifalari boʻyicha uch bosqichli (tuman/shahar, hududiy va respublika) chempionatlar va kuboklar.